09:19 / 24.10.2019
0
11372

Valutani nazorat qiluvchi organlarning huquq va majburiyatlari belgilandi

Foto: Dreamstime

Markaziy bank, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida valutani nazorat qiluvchi organlardir. Bu haqda “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda aytilgan.

Valutani nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan o‘tkaziladigan valuta operatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligiga taalluqli qismi bo‘yicha nazoratni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.

Valutani nazorat qiluvchi organlar o‘z vakolatlari doirasida:

valutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni amalga oshirishga;

rezidentlar va norezidentlarning valuta operatsiyalari bo‘yicha hisob va hisobotlarining to‘liqligi hamda to‘g‘riligini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshirishga;

valuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq hujjatlarni va axborotni so‘rab olishga;

valuta operatsiyalari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish tartibini belgilashga;

aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida talabnomalar taqdim etishga hamda O‘zbekiston Respublikasidagi barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rishga haqlidir.

Valutani nazorat qiluvchi organlar faqat o‘tkazilayotgan valuta operatsiyasiga bevosita taalluqli bo‘lgan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin.

Valutani nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan tijorat, bank sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlashi shart.

Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi banklari tomonidan o‘tkaziladigan valuta operatsiyalari ustidan valuta nazoratini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:

valutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;

valutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;

valutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rni qoplanishi.

Valuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:

valutani nazorat qiluvchi organlarga so‘ralayotgan valuta operatsiyalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi barcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi;

valutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari bo‘yicha tushuntirishlar berishi;

valuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini ta'minlashi;

valutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (ko‘rsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;

valutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chog‘da ularning o‘z binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan ma'lumotlar bazalaridan foydalana olishini ta'minlashi shart.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top