10:08 / 30.10.2019
5
44981
Shahrisabz tumani hokimining o‘rinbosari 100 dollar pora bilan ushlandi
Illyustrativ foto

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimi o‘rinbosari va hokimlik mutaxassisi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

2019 yil 29 oktabr kuni Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mutaxassisi B.A. (1982 y.t.) fuqaro S.M.dan (1965 y.t.) F.I. nomiga issiqxona qurish uchun yer maydonini dehqon xo‘jaligi shaklida egalik qilish huquqini beradigan tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga 100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, tadbir davom ettirilib, shu kuni tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.S. (1966 y.t.) xizmat xonasida mutaxassis B.A.dan 100 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Shahrisabz tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210- (Pora olish) va 212-moddalari (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  

Qayd etilishicha, B.A. hamda M.S. protsessual tartibda ushlangan.  

Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top