20:32 / 31.10.2019
1
4617
«Nogironligi bor bolalarning yaqinlari ulardan uyalishi mutlaqo noto‘g‘ri» – ko‘zi ojiz sayyoh O‘zbekistonda
Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Rossiya Federatsiyasining 20ta hududi va MDH davlatlarida har yili o‘tkazilib kelinayotgan «Ta'limdagi innovatsiyalar: xalqaro hamkorlik yo‘nalishi» forumi 31 oktabr kuni ilk bora O‘zbekistonda ham o‘tkazildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, forumda Maktabgacha ta'lim vazirligi mutaxassislari, davlat va nodavlat MTTlar rahbarlari, pedagoglar ishtirok etib, maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalar bilan shug‘ullanishga yordam beradigan turli innovatsion metodlar bilan tanishdilar.

Rossiyalik ko‘zi ojiz sayyoh, bolaligidan mutlaqo ko‘rmaydigan bloger va trener Vladimir Vaskevich ham Toshkentdagi forumda qatnashib, imkoniyati cheklangan bolalar bilan qanday qilib samarali ishlash mumkinligi va ularga MTTdan universitetga qadar yo‘l bosib o‘tishga yordam berish kerakligi haqida so‘z yuritdi.

«Men 24 yoshdaman. Garchi ko‘zlarim ojiz bo‘lsa-da, shu kunga qadar dunyoning 20dan ortiq davlatida bo‘lganman. O‘zbekistonning ham ko‘pgina joylarini bilaman», – deydi Vladimir Vaskevich.

U zalda o‘tirgan yuzdan ortiq odamlarni bir muddat ko‘zlarini yumgan holda dunyoni tasavvur qilib ko‘rishga chaqirdi.

«Ko‘rib turganingizday, hech narsa siz kutganday qo‘rqinchli emas. Men mana shu qorong‘u dunyoda yashab, bolaligimdan futbol o‘ynashni, yaxtalarga chiqishni o‘rganganman, prezident bo‘lishni xohlaganman», – dedi u forum ishtirokchilariga qarata.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Vladimir Vaskevichning so‘zlariga ko‘ra, imkoniyati cheklangan bolalar ham boshqalar qatori katta narsalarni orzu qilishga, o‘rganishga haqli. Bu borada maktabgacha ta'lim muassasalari hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

«Imkoniyati cheklangan bolalarga texnologiyalardan foydalanishni chuqurroq o‘rgatish kerak. Ular bu orqali ta'lim olishi, barcha qatori ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi, o‘z bloklarini yuritishi mumkin.

Shuningdek, texnologiyalar imkoniyati cheklangan odamlarga ishlash, oilasini ta'minlash imkonini ham beradi», - deydi Vladimir.

«Chegarasiz sayohat» kitobi muallifi bo‘lgan Vladimir Vaskevichning ta'kidlashicha, ota-onalarning imkoniyati cheklangan yoki biror kamchiligi bor bolalarini qabul qila olishlari va imkon boricha ertaroq ular bilan shug‘ullanishiga ko‘p narsa bog‘liq.

«Biroq, afsuski, bizda ko‘pincha imkoniyati cheklangan bolalar yoki shaxslarning yaqinlari ulardan uyalishi holatlarini ko‘proq kuzatish mumkin. Bu butunlay noto‘g‘ri. Mana shunday holatda bunday insonlarga hayot chegaralanib qoladi.

Aksincha, ular uchun qulay hayotni topish va qo‘llab-quvvatlash orqali imkoniyati cheklanganlarning o‘z-o‘zidan rivojlanishiga erishishimiz mumkin», – deya ta'kidladi Vladimir Vaskevich.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top