22:30 / 15.11.2019
7
18380

Qanday omillar sabab xususiy tug‘ruqxonalar faoliyatiga ruxsat berilmoqda?

Foto: TASS

O‘tgan hafta qabul qilingan prezident qaroriga asosan, O‘zbekistonda xususiy tug‘ruqxonalar tashkil etishga ruxsat beriladigan bo‘ldi.

15 noyabr kuni shu mavzuda Adliya vazirligi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur yangilikka qanday omillar sabab bo‘lgani haqida ma'lumot berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Respublikada xususiy tug‘ruqxonalarni tashkil etilishiga bir qancha omillar sabab bo‘ldi. Avvalo, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat vujudga keladi. Natijada har ikkalasidagi ahvol yaxshilanib, bo‘lajak onalarga qator qulayliklar yaratiladi. Ikkinchidan, davlat budjeti yuki kamayadi. Xalq orasida yoxud davlat tug‘ruq bo‘limlarida urfga kirgan «suyunchi puli» bilan bog‘liq og‘riqli holatlarga oz bo‘lsa-da, barham beriladi.

Jahon tibbiyot tajribasini kuzatsak, tug‘ruqni faqatgina davlat tibbiyot maskanlari amalga oshiradigan davlatlar ham bor. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlarda xususiy tibbiyot muassasalariga mazkur jarayon bilan shug‘ullanishga qonuniy ruhsat berilgan», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Naim Hamroyev.

Naim Hamroyev

Ma'lum qilinishicha, tug‘ruqni qabul qilish bilan shug‘ullanish uchun tug‘ruq bo‘limi, jonlantirish, chaqaloqlarni jonlantirish, muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, endovizual ginekologiya bo‘limlari, poliklinika, bakteriologik va klinik-biokimyo laboratoriyalari hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud bo‘lishi talab sifatida kiritilmoqda.

«Xususiy tug‘ruqxonalar va FHDYo organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma'lumotlar almashinuvi dasturini doimiy yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Agar har bir tug‘ruq elektron ro‘yxatga olinmasa, chaqaloqqa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma ham, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham berilmaydi.

Xususiy tibbiyot muassasalar o‘zlarida amalga oshirilgan xizmatlarga narxlarni belgilashda «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida» Qonun me'yorlariga tayanadilar. Ya'ni ular xizmat ko‘rsatish narxini bozor kon'yunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga haqli.

Shuni alohida qayd etish joizki, 2017 yil 1 apreldagi prezident qaroriga asosan xususiy tibbiyot tashkilotlariga abort qilish ta'qiqlangan», dedi vazirlik raymiysi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston shahar va tuman tibbiyot birlashmalari qoshida 191ta tug‘ruq bo‘limlari hamda 15ta perinatal markazi faoliyat yuritmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top