18:37 / 20.11.2019
24
39215
O‘zbekistonda tezda hal qilinishi kerak bo‘lgan uchta muhim masala. Partiya liderlari qanday fikrda?

Garchi fikrlari har doim ham ijobiy qarshi olinmayotgan bo‘lsa-da, siyosiy partiyalar va ularning rahbarlari saylovlar arafasida jamoatchilikka ochilayotganini kuzatish mumkin.

Jumladan, Kun.uz bir muddat avval partiyalar rahbarlari bilan videointervyular tashkil etgan edi. Bu gal partiya liderlariga O‘zbekiston yaqin yillarda hal qilishi kerak bo‘lgan uchta muhim masala va ularning yechimi haqidagi savol bilan yuzlandik.

Narimon Umarov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi

Rivojlanayotgan O‘zbekiston oldida turgan turli masalalarni eng muhim uchtalik reytingda baholash – murakkab ish. Shunday bo‘lsa-da, partiyamiz muhim deb hisoblaydigan bir nechta masalalar va ularning yechimlari borasida o‘z fikrlarimni bildiraman.

1. Ishsizlik

O‘zbekistonda har yili 600 mingdan ortiq ishchi kuchi mehnat bozoriga kelib qo‘shilmoqda. Ularni ish bilan ta'minlashni davlat oldida turgan o‘ta dolzarb vazifa deb bilaman.

Yechim: Bu masalani faqatgina yangi ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalari tashkil qilish, mavjud korxonalarning innovatsion bazasini kengaytirish orqaligina yechish mumkin. Shuningdek, oliy ma'lumotli kadrlar sonini ikki baravarga ko‘paytirish orqali ham katta ijobiy natijaga erishsa bo‘ladi.

2. Korrupsiya

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, O‘zbekiston korrupsiyalashgan davlatlar reytingida eng yuqori o‘rinlarda turadi.

Yechim: Muammoning yechimi sifatida sud-huquq sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, sudlarning mustaqilligini ta'minlash, Tergov qo‘mitasini tashkil qilish; aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari qabul qilish va uning ijrosini nazoratga olishni ko‘raman.

3. Sud-huquq tizimi

Bu yo‘nalishdagi muammolarni birma-bir sanamayman, chunki tizimga nisbatan aholining ishonchi pastligini yaxshi bilasiz.

Yechim: Ishni aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan omillarni tanqidiy o‘rganish va natijalarni davlat dasturiga kiritishdan boshlashimiz kerak.

Bundan tashqari, davlat oldida ta'lim va tibbiyot sohasida chuqur ildiz otib ketgan muammolar ham turibdi. Reyting uchtalik tizimda bo‘lgani uchun birinchi savolga javobimni shu yerda to‘xtataman.

 

Alisher Qodirov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi

Partiyamiz quyidagi masalalarni davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim masalalar hisoblaydi.

1. Oila, bog‘cha va maktablarning jiddiy islohotlarga muhtojligi

Yechim:

  • oilada ayol uchun turmush va jamiyatda mehnat uchun qulay sharoit yaratish (masalan, 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ayollar ish vaqtini qisqartirish va ularga haq to‘lash tizimini takomillashtirish);
  • bog‘cha va maktabda tarbiyaning ustuvorligini ko‘zda tutadigan «Uzluksiz tarbiya tizimi»ni shakllantirish va qisqa muddatda tatbiq qilish;
  • pedagoglarni tayyerlash tizimini tubdan isloh qilish;
  • maktablarda 1-11 sinflarda o‘qitiladigan «Tarbiya» darsliklarini joriy qilish (bu jarayonda ijtimoiy yo‘nalishdagi darsliklarni optimallashtirish);
  • o‘qituvchiga o‘qitishdan boshqa majburiyatni yuklashni jiddiy kamchilik sifatida qabul qiladigan maktab boshqaruvini shakllantirish;
  • bosqichma-bosqich maktabgacha tarbiya va ta'lim muassasalariga qatnovni majburiy va bepul qilish (bunda xususiy muassasalarga qatnov ixtiyoriyligini saqlab qolish).

2. Kreditlash tizimiga muqobil variant joriy qilish masalasi

Yechim: Bank va tadbirkor sherikchiligini ko‘zda tutadigan kreditlash tizimi bugungi kunda rivojlangan g‘arb mamlakatlarida keng qo‘llanilmoqda. Bu tizim bank va tadbirkor birgalikda loyihani amalga oshirish, qarzni tadbirkor daromadi, real moliyaviy holatiga mutanosib shaklda qaytarish, muammoli holatlarni birgalikda bartaraf etish kabi o‘ziga xosliklarni ko‘zda tutadi.

3. Kommunal sohada islohotlar o‘tkazish

Yechim: Tariflarni aholining daromadlariga mutanosib shaklda tabaqalashtirish zarur. Bunda narxni aholining kam daromadli qatlami, o‘rta daromadli qatlami va yuqori daromadli qatlamlariga turlicha belgilash ko‘zda tutiladi.

Siz uchta masalani so‘radingiz, ammo meni doim qiynaydigan, kerak bo‘lsa, yuqoridagi masalalardan-da dolzarb yana bir masala borki, bu – o‘zbek tili masalasi va uning kelajagi.

Taklif: Davlat xizmatida davlat tilini bilish majburiyligi, o‘zbek tilining asosiy ish yuritish tili sifatida qat'iy belgilanishi, tashqi yozuvlar va targ‘ibotning asosiy tili sifatida belgilanishi, xorijda o‘zbek tili va madaniyatining keng targ‘ibotini tashkil qilish tizimini ko‘zda tutadigan o‘zgarishlar kiritish.

 

Aktam Xayitov, Liberal demokratik partiya yetakchisi

Aslida siz so‘rayotgan uchta muhim masala bo‘yicha yuzlab doktorlik ishlari qilish mumkin. Biz liberal-demokratlar quyidagi masalalar O‘zbekistonda birinchi navbatda hal qilinishi lozim, deb hisoblaymiz.

1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini (ayniqsa yoshlarni) ish bilan bandligini ta'minlash hamda daromadini ko‘paytirish

Yechim: Qanday bo‘lmasin, sanoat, qurilish, transport, qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalarida har yili kamida 450-500 ming barqaror ish joylarini yaratish, mehnat bozorida talab bo‘lgan kasblarga 80-100 ming kasbi yo‘q yoshlarni qayta tayyorlash zarur.

Bunda davlat barqaror ish joylarini ko‘paytirishni har tomonlama rag‘batlantirishi zarur.

2. Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash

Yechim:

  • yetishtirilayotgan mahsulotlarga xaridorlar topish va moliyaviy resurslarni hal etish;
  • mehnat bozoridagi vaziyat murakkab bo‘lgan va boshqa hududlarda yuqori sifatli, birlamchi mahsulotdan yakuniy tovar ishlab chiqarishni o‘z ichiga oluvchi texnologiyalarga ega bo‘lgan zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishidagi klasterlar va kooperatsiyalarni tashkil qilishni barcha hududlarda joriy etish;
  • oziq-ovqat ishlab chiqarishda O‘zbekiston brendini yaratish orqali eksportni rivojlantirish;
  • sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
  • soha uchun professional mutaxassislarni tayyorlash tizimini ko‘rib chiqish;
  • oziq-ovqat sanoati sohasini rivojlantirish uchun arzon kreditlarni jalb qilish.

3. Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimiz va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish

Yechim: Bu yo‘nalishda 2019 yilning 20 avgust kuni prezident Mirziyoyev «Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a'zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. O‘sha farmonda belgilangan mexanizmlar masalani hal qilishda yetarlicha yechim bo‘ladi, deb ishonamiz.

 

Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi lideri.

Muhim masalalar ko‘p, ammo davlat baribir aholini ijtimoy himoyasi masalasini birinchi navbatda jiddiy ko‘rib chiqishi kerak. Keling, buni uchta yo‘nalishga bo‘lamiz.

1. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar rasmiy belgilangan yashash minimumidan kam bo‘lmasligini konstitutsiyaviy me'yor bilan amalga oshirish

Yechim: Har bir insonning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni ta'minlovchi iste'mol savatchasi qiymati asosida xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan yashash minimumi ta'rifini qonuniy jihatdan mustahkamlash zarur.

2. Har bir fuqaroning hayotiy zarur bo‘lgan ijtimoiy xizmatlardan bepul foydalanishini qonunchilik darajasida va amaliy jihatdan kafolatlash

Yechim: Qonunchilikdagi ishlamayotgan normalarni qayta ko‘rib chiqish kerak.

3. Jamiyatning ijtimoiy zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kundalik ehtiyoj darajasida tovar va xizmatlardan foydalanishini ta'minlash

Yechim: Shu kabi tovar va xizmatlar narxi, ro‘yxatini davlat tomonidan belgilash hamda tartibga solish, qonuniy jihatdan mustahkamlashga erishish.

 

Boriy Alixonov, O‘zbekiston ekologik partiyasi yetakchisi

O‘zbekistonning ekologik muammolari yildan yilga jiddiy tus olmoqdaki, ularni oddiy bir harakat (Ekologik harakat – tahr.) kuchi bilan hal qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston ekologik partiyasi shu talabdan ham vujudga keldi. Xo‘sh, davlat oldida qanday yirik muammolar turibdi?

1. Respublika aholisini, ayniqsa qishloq hududlaridagi aholini sifatli ichimlik suvi bilan to‘laqonli ta'minlash

Yechim: Aholini, ayniqsa qishloq hududlaridagi aholini sifatli ichimlik suvi bilan to‘laqonli ta'minlashni tashkil etish, Angren, Guliston, Samarqand, Jizzax, Urganch, Nukus, Andijon, Chirchiq va Toshkent shaharlaridagi oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligini oshirish uchun rekonstruksiya ishlarini bajarish lozim.

2. Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish

Hozir O‘zbekistonda atmosfera havosiga bir yilda qariyb 2,5 mln. tonna ifloslantiruvchi turli moddalar tarqaladi. Shundan 63 foizi transport vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Yirik shaharlarda esa bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqorini tashkil etadi.

Yechim: Yirik shaharlar atrofida «yashil qalqon»larni barpo etishni boshlash, aholi yashash punktlarida istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish. Atmosfera havosiga chiqarilayotgan uglerod, azot birikmalari, metan va boshqa gazlar chiqarilishini hamda chang miqdorini 1,5 barobar kamaytirish orqali atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichlarini belgilangan me'yorlar darajasiga keltirish va ularning aholiga salbiy ta'sirini kamaytirish lozim. Shuningdek, 2020 yildan boshlab respublikada ekologik maqbul hisoblangan elektromobillardan keng foydalanishni joriy etish, yoqilg‘ining yuqori talablarga javob beradigan turlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish.

3. Chiqindilarni qayta ishlash masalasi

Hozir O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha hisobda 14-15 mln. tonna maishiy chiqindilar va 100 mln. tonna sanoat va qurilish chiqindilari hosil bo‘ladi. Hozirda hosil bo‘layotgan chiqindilarning aksariyati qayta ishlanmaydi.

Yechim: Barcha turdagi chiqindilardan oqilona foydalanishga erishish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish orqali ularning qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish, hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini 20 foizgacha yetkazish.

Suhbatimizning keyingi qismlarida O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy muammolar, aholi turmush sharoitini yaxshilashdagi potensialimiz nimadan iboratligi borasidagi partiya yetakchilarining fikrlari bilan tanishtirib o‘tamiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top