O‘zbekiston | 22:25 / 21.12.2019
6435
3 daqiqa o‘qiladi

«Saylovga haqiqiy bahoni ertaga beramiz» - xalqaro kuzatuvchilar fikri

Xalqaro kuzatuvchilar Samarqanddagi saylovga tayyorgarlik bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi

Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Samarqandda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun 16 ta saylov okrugi, viloyat kengashi deputatligiga 60 ta okrugga 5 ta partiyaning har biridan nomzodlar ro‘yxatga olingan. 

Saylov jarayonlarini kuzatish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan xalqaro kuzatuvchilar va OAV xodimlari Samarqandga tashrif buyurgan.Ulardan ayrimlari jarayonlar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Guntram Kayzer, jurnalist, Germaniya:

Har bir davlatning o‘z saylov tizimi bor. O‘zbekistondagi kuzatuvlarim asosida hozircha aytadiganim: “Yangicha O‘zbekiston, yangicha saylovlar” deb aytilayotgan gaplar tasdig‘ini topib turibdi. Ertaga asosan nimalarga e'tibor qarataman? Birinchi navbatda saylovchilarning ko‘zlariga boqmoqchiman, negaki ularning kayfiyati, saylov atmosferasi juda muhim men uchun. Bundan tashqari, saylov jarayonining qanday tashkillashtirilgani ham menga qiziq albatta. Birinchi o‘rinda aholining kayfiyati. Hozircha baho berish qiyin, ammo taxminan 10 ballik tizimda saylov jarayonlariga 9 ball bergan bo‘lardim.

Mohd Rashid bin Hashon, Malayziya parlamenti a'zosi:

O‘zbekistondagi saylov jarayonlari ham boshqa davlatlardagi kabi, faqat o‘zim kuzatuvchi bo‘lgan ayrim mamlakatlarda parlament saylovlari har uch yilda bo‘lsa, yurtingizda har besh yilda bo‘larkan. Umumiy aytganda, boshqa davlatlar va O‘zbekistondagi saylov tizimi bir biriga o‘xshaydi. 

Saylovga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha asosiy xulosani ertaga saylov kuni chiqaramiz. Ammo hozirgacha ko‘rganlarimga asoslanib aytadigan bo‘lsak, men 10 ballik tizimda 7 yoki 8 ball bergan bo‘lardim. E'tibor bergan jihatim saylov arafasida Toshkentdan Samarqandga kelguncha saylovga oid juda ko‘p stendlarni ko‘rsak kerak degandim. Ana shu stendlar orqali nomzodlar haqda ma'lumot olish mumkin. Ammo nisbatan kam ekan. Kamchilik mana shu. Saylovdan so‘ng javoblarning qanchalik tez chiqishiga e'tibor qaratmoqchiman. Ikkinchi kuzatmoqchi bo‘lganim fuqarolarning qanday shaklda ovoz berishlari. Shuningdek, nomzodlar o‘rtasidagi debatlar, muzokaralar men uchun qiziq edi. Ammo bilishimcha, saylovga bir kun qolganda barcha targ‘ibot ishlari to‘xtatilar ekan.

Mavzuga oid