16:53 / 11.11.2019
3
17287

Maktablarda nega ekologiya fani yo‘q? Ulug‘bek Inoyatov Ekopartiya savoliga javob berdi

Ulug‘bek Inoyatov / Foto: Kun.uz

«Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunga asosan, barcha turdagi ta'lim muassasalarida ekologiya o‘quvi majburiy etib belgilangan. Shunga qaramay, maktablarda alohida ekologiya fani o‘tilmaydi.

10 noyabr kungi debatda mazkur masala yuzasidan Ekologik partiya vakili O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi lideri Ulug‘bek Inoyatovga savol bilan murojaat qildi.

«XDP lideri Xalq ta'limi vaziri bo‘lib ishlagan davrda ham, hozir ham ekologiya fan sifatida alohida o‘qitilmaydi. Shunga munosabat bildirsangiz», deya Inoyatovga yuzlandi Ekopartiya vakili.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bunga javoban Ulug‘bek Inoyatov ekologiyani maktablarda alohida fan sifatida o‘qitishga zarurat yo‘qligini aytgan.

«Men bu savolga partiya lideri sifatida emas, ta'lim xodimi sifatida javob beraman. Umuman, davlat ta'lim standartlarida fanlarning uzviyligi va izchilligi belgilab qo‘yilgan. Xuddi shunday, ekologik ta'lim 1-sinfdan 11-sinfgacha, barcha fanlarda integratsiyalashgan holatda izchillik bilan rivojlanib boradi. Ya'ni 1-sinfda tabiat bilan tanishish bo‘lsa, yuqorida sinflarga borib biologiya, ilm va fundamentlar fanlar bilan bog‘langan holda o‘qitiladi.

Shu munosabat bilan, alohida bir fan sifatida buni [ekologiyani] o‘qitishni shart deb hisoblamaymiz», – dedi Ulug‘bek Inoyatov.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni O‘zbekiston tarixida ilk bor barcha siyosiy partiyalar liderlari o‘rtasida «Demokratik debat» tok-shousi bo‘lib o‘tdi.

«Siz ko‘pni ko‘rgan bo‘lsangiz ham, shu paytgacha bunday debatni ko‘rmagansiz», deb e'lon qildi boshlovchi tok-shou avvalida.

Amalda esa debatlar jiddiy siyosiy bahsdan ham ko‘ra ko‘proq shou shaklida o‘tdi. Jonli efirga uzatilmagan debatlar avvalida qatnashchilarga dekabrdagi saylovlar borasida aholining fikri o‘rganilgan so‘rovnoma namoyish qilindi.

So‘rovnomadan ma'lum bo‘ldiki, fuqarolarning aksariyati 22 dekabrda qanday siyosiy voqelik kutilayotgani, O‘zbekistonda nechta partiya borligi va ularni kimlar boshqarayotganidan bexabar.

Ma'lumot uchun, shu yil 22 dekabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top