20:33 / 21.11.2019
0
7273
Surxondaryo viloyatiga afg‘onistonlik ishbilarmonlar tashrif buyurdi

Bugun, 21 noyabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Muhammad Muhsin Amiriy rahbarligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga keldi. O‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashrif buyurgan delegatsiya a'zolari viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashdi. 

Uchrashuv chog‘ida viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish, eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tog‘-kon tarmog‘ini rivojlantirish va boshqa investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Afg‘onistonlik ishbilarmonlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida za'faron o‘simligi, shuningdek, dunyoga mashhur Jalolobod anorlarini Surxondaryoda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish masalasida ham kelishib olinib, har bir kelishuvning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi ta'kidlandi.

Delegatsiya a'zolarining tashrif davomida viloyatdagi yirik korxona va firmalar faoliyati bilan yaqindan tanishishi, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida qo‘shni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 111 xizmat ko‘rsatish, 49 qishloq xo‘jaligi va 35 sanoat sohasida qo‘shma hamda xorijiy korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shni mamlakatga viloyatdan 45 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulotlar eksport qilindi. 2019-2020 yillarda afg‘on tadbirkorlari hamkorligida janubdagi vohada sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 46 million dollar bo‘lgan 40 loyihani amalga oshirishga kelishilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top