19:08 / 25.11.2019
0
5761

So‘x tumani markaziy shifoxonasi kapital ta'mirlandi

Farg‘ona viloyati So‘x tumani markaziy shifoxonasi kapital rekonstruksiya dasturiga kiritilib, ta'mirlandi va bugun, 25 noyabr kuni foydalanishga topshirildi. Tibbiyot muassasasining yangi, zamonaviy ko‘rinishdagi binosining taqdimot marosimida barcha sohalar vakillari, tuman hokimligi, huquq-tartibot organlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari namoyondalari, keng jamoatchilik ishtirok etishdi.

Tuman hokimi Farrux Usarov soha xodimlarini ushbu tantana bilan tabriklab, tibbiyot sohasiga prezident tomonidan berilayotgan e'tibor haqida gapirdi hamda bunday e'tibor va rag‘batga munosib javob bo‘lishi lozimligini ta'kidladi.

Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yangi bino o‘rnida 1980 yilda tug‘ruq kompleksiga mo‘ljallab qurilgan bino joylashgan edi va bu binoda asosan tug‘ruq bo‘limi, bolalar, jarrohlik, reanimatsiya hamda tez tibbiy yordam bo‘limlari xodimlari faoliyat yuritishardi.

2019 yil boshida ushbu bino kapital rekonstruksiya dasturiga kiritilib, ta'mirlash ishlari uchun davlat tomonidan 4 milliard 691 million so‘m mablag‘ ajratildi. Rekonstruksiya ishlari tumanda faoliyat yuritayotgan «Xushbaxti So‘hrobzod» qurilish firmasi tomonidan ijro etildi. Yangi qurilib foydalanishga topshirilgan binoda 35 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, 15 o‘rinli jarrohlik bo‘limi, 15 o‘rinli shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi, 6 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi hamda yangi qurilgan qo‘shimcha binolarda diagnostika va jarrohlik bo‘limi joylashgan bo‘lib, ushbu bo‘limlar zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan ta'minlangan.

Taqdimot marosimida so‘z olganlar eng avvalo, prezidentga o‘z minnatdorchilik so‘zlarini bildirishdi.

«Endi biz soha xodimlari ko‘rsatilayotgan shuncha e'tibor va g‘amxo‘rliklar uchun faqat va faqat samarali ishlashimiz, faoliyat olib borishimiz lozim», deydi jarrohlik bo‘limi bosh shifokori G‘ayratjon Nurmatov.

Tadbirda hamshira Aminjonova Gudshodxon Nizomovnaga «Shuhrat» medali tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, faxriy tibbiyot xodimlari va mehnatda faol xodimlarga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.

Binoning ramziy lentasi qirqilgandan so‘ng bosh shifokor Ikromjon Ahmadovga ramziy kalit topshirildi.

«Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, shifoxonada faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam bo‘limning ta'miriga ham davlat tomonidan 160 million so‘m mablag‘ ajratilgan va ushbu bo‘limda ham ayni paytda ta'mirlash ishlari jadallik bilan olib borilyapti», deyiladi So‘x tumani hokimligi axborot xizmati ma'lumotida.

So‘x tumani markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan «Tul» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 51-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi ham qayta ta'mirlanib, mahalla ahliga sovg‘a qilindi. Tibbiyot maskanining ochilish marosimida ishtirok etgan mahalla ahli bu e'tibordan mamnunliklarini qayta-qayta takrorlashdi. Tadbirda qatnashgan tuman hokimi Farrux Usarov, huquq-tartibot organlari xodimlari, tashkilot-muassasa rahbarlari ham tulliklarni ushbu yangilik bilan tabriklashdi.

Bu bino 1983 yilda qurilgan. 75 o‘ringa mo‘ljallangan shifo maskanida bolalar bo‘limi, ichki kasalliklar bo‘limi, tug‘ruq bo‘limi hamda tez tibbiy yordam bo‘limi joylashgan bo‘lib, 10 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatadi.

2005 yili ushbu maskan rekonstruksiya qilinib, QVPga aylantirilgan edi. Bu yili qishloq vrachlik punkti qayta mukammal ta'mirlash dasturiga kiritilib, tumandagi «Binokori mohir» qurilish firmasi tomonidan ta'mirlandi va endi QVP o‘rnida 51-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi faoliyat yuritadi. Hudud aholisiga 7 nafar vrach-mutaxassis xizmat ko‘rsatishadi. Qayta mukammal ta'mirlash ishlariga hukumat tomonidan 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyat hokimi tashrifidan so‘ng ushbu maskanda endilikda 10 o‘rinli kunduzgi statsionar faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

Tadbirda qatnashgan barcha ishtirokchilar shifo maskanining taqdimotidan so‘ng bino ichiga kirib, undagi shart-sharoilar bilan yaqindan tanishishdi. Viloyat hokimiga murojaat etgan fuqarolar yana bir yangilikdan xursand: mahallada yana bitta maktabgacha ta'lim muassasi bunyod etiladigan bo‘ldi.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top