O‘zbekiston | 18:40 / 29.11.2019
5483
12 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy muammolarni hal etmasdan taraqqiyotga erishish mushkul

Maqsuda Vorisova, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 91-Zangiota saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– E'tirof etish kerakki, keyingi yillarda davlat xalqqa yaqinlashdi, xalq uchun ishlay boshladi. Amalga oshirilayotgan ishlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining maqsad va vazifalariga mos keladi.

Ijtimoiy demokratik davlat barpo etishni oliy maqsadi, deb biladigan Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik va ijtimoiy demokratiya g‘oyalaridan iborat bo‘lgan mafkurasini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yangi saylovlarda siyosiy kurash maydoniga kirdi.

Ijtimoiy adolat dunyoda keng tarqalgan ijtimoiy g‘oyalardan biridir. Uni umuminsoniy     qadriyatlar sirasiga kiritish mumkin. Ijtimoiy adolatning aniq mazmuni, uning nomlanishi tarix mobaynida o‘zgarib turgan. U aslida barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, inson hayoti va yashashi kafolatlarining ta'minlanishi, ijtimoiy himoyalanganlikning yuqori darajasi, har bir mehnatga layoqatli insonning ish bilan ta'minlanishi, munosib ish haqi olishi, fuqarolarning ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportdan bahramand bo‘lishi, nogironligi bor kishilar va yetim bolalarning, kam ta'minlangan insonlarning ijtimoiy himoyalanishi kabilarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston XDP ham ana shunday ezgu g‘oyalarni ilgari suradi.

Bugungi kunda islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iborat. Adolatli jamiyat hamisha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Jamiyat doimo oldinga intilaverarkan, u bilan birga ong ham tinimsiz o‘zgarib boraveradi.

Ulug‘bek Vafoyev, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 60-Payariq saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– Partiyamizning Saylovoldi dasturida aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, oylik maoshlar, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirib borish, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishida aynan ijtimoiy sohani rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Partiya shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholining himoyaga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kafolatli tizimi yaratilmas ekan, bu og‘ir ijtimoiy mushkulotlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Bugunga kelib mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining muhim yangi bosqichiga kirdi. Ijtimoiy siyosat borasida istiqlol yillaridagi katta tajribalarga suyangan, mavjud an'analarni izchil davom ettirgan holda yangi-yangi qadamlar tashlanyapti.

Jumladan, partiya elektorati hisoblangan kam ta'minlangan, ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan aholimiz uchun arzon uy-joylarni barpo etilishi mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarning insonparvarligini ko‘rsatib turibdi. Eng muhimi, bu birinchi galda aholining uy-joyga o‘ta muhtoj qatlamining manfaatlarini o‘ylagan holda yo‘lga qo‘yildi.Hozirgi paytda mamlakatimiz barcha mintaqalarida ikki sotixli namunali qishloq uylarini, shuningdek, ikki-uch xonali ko‘p qavatli uylarni qurish jadal davom ettirilyapti.

Mehrojiddin Darxonov, O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 98-Yangiyo‘l saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– Xalqimiz hamisha, azaldan adolatni qadrlab kelgan. Adolat aslida ijtimoiy falsafiy, ahloqiy va huquqiy tushuncha. Kishilar ijtimoiy siyosiy ongida katta rol o‘ynaydi. Adolat tushunchasi muayyan tarixiy shart sharoitlar va ijtimoiy iqtisodiy munosabatlar bilan belgilanadi. Adolatning ijtimoiy falsafiy jihati jamiyat a'zolarining xilma xil munosabatlaridagi o‘zaro tenglikni nazarda tutadi. Ahloqiy jihati insonlararo muomalada bir xil munosabatda bo‘lishni, bir-birining izzat nafsiga tegmaslikni, odob ahloq qoidalariga amal qilishni bildirida. Adolatning huquqiy tomoni qonunlarga rioya etishni, siyosiy tomoni esa davlatni adolat qoidalari asosida boshqarishni anglatadi.

Rivojlangan jamiyatda adolat kishilarni demokratik qonunlar asosida ish yuritishni taqazo etadi. Unda har bir odam o‘z mehnati tadbirkorligi, aql zakovati tufayli topgan mol-mulki xisobiga yashaydi. Davlat o‘z faoliyatida fuqarolar tomonidan adolat qoidalari va qonunlariga amal qilishni nazorat etadi. Jamiyat a'zolarining mol-mulki daxlsizligi va qonun oldida tengligini ta'minlaydi.

Ochig‘ini aytganda, jamiyatimizda ijtimoiy adolatni ta'minlash, aholini, yoshlarni munosib ish bilan ta'minlash, ta'lim olish, sog‘liqni saqlash imkoniyatlaridan foydalanishida ayrim kamchiliklar bor. Bizning maqsadimiz ijtimoiy adolatni to‘la tiklashga erishidan iborat.

Bozor iqtisodiyoti munosabatlari chuqurlashgan jamiyatda ijtimoiy himoyaning ahamiyati yuqori bo‘lishi shubhasiz. Buni jahon tajribasi ham isbotlab berdi. Iqtisodiy muammolarni, iqtisodiy inqirozni bartaraf etsa bo‘ladi. Ammo ijtimoiy muammolarni hal etish, ijtimoiy inqiroz oqibatlarini yumshatishchi? Bu juda katta kuch, vaqt, eng muhimi, uzoqni o‘ylab oqilona siyosat yuritishni talab etadi. O‘zbekistonda “ijtimoiy tenglik” qadriyatiga ehtiyoj nihoyat darajada oshib bormoqda.

Feruza Madrahimova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 144-Do‘mbirobod saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– Ayrim mamlakatlarda aholining ijtimoiy himoyasiga, ijtimoiy masalalariga e'tiborsiz qaralishi natijasida juda katta ijtimoiy tanglik kelib chiqqani ko‘pchilikka ma'lum. Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi davlatlarida ijtimoiy tengsizlik, ishsizlik, adolatsizlik, korrupsiyaga qarshi norozilik namoyishlari boshlanib adog‘i ko‘rinmaydi. Davom etayotgan namoyishlar sabab va maqsadlari bilan bir-biridan farq qiladi, ammo ularni o‘zaro bog‘lab turuvchi ayrim jihatlar, ya'ni uning ijtimoiy adolatni, qonun oldidagi tenglikni, ijtimoiy himoyani kafolatlashni ko‘zlagan jihatlari mavjud. Yaqin Sharq aholisining 60 foizga yaqini 30 yoshdan kichikdir.

Yoshlar soni ko‘pligi mamlakat manfaati uchun xizmat qiladi. Biroq iqtisodiyot, ta'lim tizimi va davlat institutlari yoshlar manfaatini qondira olmasa, ular o‘z orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga yo‘l topa olmaydi. Misollardan ayon bo‘lganidek, muammoning kelib chiqishiga ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik sabab bo‘lmoqda Demak, adolatli jamiyat aholining ehtiyojmand qatlami manfaatini hamisha himoya qilishni o‘z zimmasiga olishi shart. "Adolat" so‘zi ming yillar davomida insonga hamroh bo‘lib kelgan. Asrlar davomida kishilar adolat uchun kurashgan, mislsiz qurbonlar bergan. Adolat haqida juda chiroyli va uzoq gapirish mumkin. Ammo gap chiroyli va uzoq gapirishda emas, balki hayotda adolatni o‘rnata olishda. Xalq hamma narsaga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi. Odil hukmdor, adolatli rahbar g‘oyasi Forobiydan tortib Alisher Navoiygacha va yana boshqa ko‘p-ko‘p mutafakkirlarimizning ulug‘ ma'naviy ideali bo‘lib kelgan.

Sharqda qadimdan juda mashhur bo‘lgan "Siyosatnoma" degan asarda podshoh, hokim, amir va beklar, qoziyu quzzotning, zamonaviy til bilan aytganda, rahbarning bosh vazifasi "qo‘yu qo‘zilarni bo‘rilardan muhofaza qilib, harom qo‘llarni kesib, yer yuzini yomonlik qiluvchilardan tozalash, jahonni adolat va osoyishtalik bilan obod qilishdan iborat", deb ko‘rsatilgan.

Bizning partiya fuqarolar uchun mehnat qilish, dam olish, har yilgi haqi to‘lanadigan ta'tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, insonning hayot ta'minoti uchun zarur bo‘lgan ish haqi, pensiya va nafaqalarning kafolatlangan eng kam miqdorini joriy etish kabi ijtimoiy tenglik va adolat g‘oyalarini qonun chiqaruvchi organdagi vakillari orqali ilgari surishda davom etadi.

Dilfuza Islomova, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 146-Astrobod saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod:

– Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyo aholisining 55 foizi ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘lsa, atigi 29 foizi kompleks ijtimoiy ta'minotdan foydalanish imkoniyatiga ega. Pensiya yoshidagi keksalarning 68 foizi qarilik pensiyasini oladi. Bu esa ko‘plab davlatlarda ham jamg‘arib boriladigan, ham sug‘urtali pensiya ta'minoti yetarlicha rivojlanmaganligini ko‘rsatadi. Yana bir og‘ir muammo taraqqiy topgan yigirma birinchi asrda ham, afsuski, insonlarning sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqi dunyoning ko‘pgina mintaqalarida hali real haqiqatga aylanmadi. Bu, ayniqsa, aholining 56 foizi mazkur imtiyozdan mahrum bo‘lgan qishloq joylariga taalluqlidir. Demak, O‘zbekistonda ham bu borada muhokama qilinishi, yechilishi lozim bo‘lgan mavzular yetarli.

Shulardan kelib chiqqan holda, partiya ijtimoiy demokratiya g‘oyasi bilan jamiyatda aholining ijtimoiy himoyasi so‘zsiz ta'minlashiga ishonadi. Bu g‘oya aholining bandlik darajasini oshirish, munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini tashkil etish hamda hayotiy zarur ehtiyojlarini yetarli darajada ta'minlashga xizmat qiladi. Bunda aholining ijtimoiy va pensiya ta'minotini kafolatlashga ham muhim ahamiyat qaratiladi. Bunday jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, ko‘p bolali onalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sanaladi. Ma'lumki, 2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish Konsepsiyasida dunyoning o‘rtacha rivojlangan mamlakatlari qatoriga kiritish bosh maqsad etib belgilangan. Partiya mazkur maqsadga erishish tamoyillarida birinchi navbatda, ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlami manfaatlarini hisobga olishni zarur, deb biladi.

Siyosatdagi barqarorlik va izchillik har qanday davlatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Bularning bari ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining turmush darajasini ko‘tarishni ko‘zlab amalga oshirilyapti.

O‘z g‘oyalaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston XDP aholining real daromadi va bandligini izchil amalga oshirish orqali faol ijtimoiy himoya, aholini ijtimoiy himoyalash va sog‘lig‘ini muhofaza qilish yo‘nalishidagi davlat tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholi yashash sharoitlari yaxshilanishini ta'minlovchi arzon uy-joylar qurilishi, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ro‘yobga chiqarish, ta'lim va fan sohasini rivojlantirish istiqbollari hamda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda o‘z dasturlari bilan faol ishtirok etadi.

Saylovda Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqiramiz!

O‘zXDP Markaziy Kengashi Axborot xizmati

Mavzuga oid