11:51 / 11.12.2019
0
6904
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga maoshining 200 foizidan oshmaydigan miqdorda shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin
Foto: KUN.UZ

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan tegishli qarori loyihasiga ko‘ra, xodimlar faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq mukofotlarning aniq miqdorlarini belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida budjet tashkilotlari xodimlarini mukofotlash tartibini belgilash komissiyasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, budjet tashkilotlarining alohida tashabbuskor va yuqori malakali xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining buyruqlariga muvofiq hamda komissiya qarorlari asosida lavozim maoshiga lavozim maoshining 200 foizidan oshmaydigan miqdorlarda har oylik shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin ekani aytiladi.

Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlariga yo‘lkira va ovqatlanish uchun — eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida har oylik kompensatsiya to‘lanadi.

Shu bilan birga, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda:

xodimlarning farzandlari uchun dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohlari yo‘llanmalari qiymatining 50 foizi miqdorda kasaba uyushmasi mablag‘laridan;

alohida zaruratga ko‘ra xodim (yubiley sanalarida, nikoh to‘ylari va farzand to‘ylarida, baxsiz hodisa yuz berganda, sog‘lig‘ini tiklash uchun, moliyaviy holatining og‘irligi va boshqa shu kabi holatlarda) xodim oylik ish haqining o‘n baravarigacha moddiy yordam;

xodimlarga tijorat banklari avto kreditlari hisobga sotib olinadigan avtotransport vositalari qiymatining 25 foizi miqdorida foizsiz va qaytarish sharti bilan dastlabki badal summalari qoplab berilishi mumkin.

Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasida nazorat inspektorlariga mukofotlar to‘lash ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarining, shuningdek kommunal xizmatlar ko‘rsatishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining aniqlangan buzilishlari uchun shaxslarga solingan jarimalar bo‘yicha tushumlar summasiga nisbatan foizlar hisobida amalga oshiriladi.

Quyidagi mazmundagi 7-1-bob qo‘shiladi:

“7-1-bob. Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish
 
22-1. Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

22-2. Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlariga mukofotlar to‘lash suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasidagi qonunchilik talablari, shuningdek, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun shaxslarga solingan jarimalar bo‘yicha tushumlar summasiga nisbatan foizlar hisobida amalga oshiriladi”.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top