22:37 / 13.12.2019
1
14660
NASA “insoniyat tarixidagi eng kuchli raketa”ni namoyish qildi
Foto: NASA

NASA o‘zi yaratgan “eng kuchli raketa” - Space Launch System (SLS)’ni namoyish qildi. O‘ta og‘ir raketa-tashuvchining asosiy pog‘onasi 65 metr balandlikka ega bo‘lib, u NASA muhandislari tomonidan yaratilgan eng baland pog‘ona bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, raketa nafaqat rekord o‘lchamga, balki rekord kuchga ham ega. Raketa yuqori pog‘onasi – “Orion” kapsulasi ajralib chiqishigacha 23 Max (tovush tezligidan (1200 km/soat) 23 marta kattaroq tezlik) tezlikkacha erishadi. Shu sababli NASA direktori Jim Braydenstayn raketani “insoniyat tomonidan yaratilgan eng kuchli raketa” deb bejiz ta'riflamagan. 

Raketa qurilishi bekamu-ko‘st bormagan. Uning qurilishi muddati va budjeti bir necha bor oshirib yuborilgan. Raketaning ilk sinov parvozi 2018 yil noyabrida amalga oshirilishi kerak edi. Uning ishlab chiqilishiga sarf-xarajatlar esa 6,2 mlrd dollardan 8 mlrd dollargacha oshirib yuborilgan. 

AQSh koinot agentligi “Artemida-3” missiyasi doirasida 2024 yilda ushbu raketada Oyning janubiy qutbiga bir ayol va bir erkakni yubormoqchi. 

Foto: NASA

Fazogirlarsiz o‘tuvchi “Artemida-1” missiyasi 2020 yilda start oladi. NASA uning doirasida Oyning janubiy qutbini, jumladan u yerda 2009 yilda topilgan muzni fazogirlarning hayotini qo‘llab-quvvatlash va raketa yoqilg‘isi olish uchun yaroqliligini tadqiq qilmoqchi. 

Koinot agentligi Oyga missiyalariga 2030-yillarga belgilangan Marsga parvoz oldidan sinov sifatida qaramoqda.   

Ushbu missiyalarning kelajagi esa NASA budjetining ham Oq uy, ham kongress tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top