08:59 / 17.12.2019
0
10004

«O‘zavtosanoat» ikki qo‘shma korxona o‘rtasidagi bahs yuzasidan rasmiy bayonot berdi

OAVda Janubiy Koreyaning «Uz-Dong Yang Co» QK (muassislaridan biri «O‘zavtosanoat» AJ) va «Uz-Metertech Co» QK o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda yuzaga kelgan muammolar to‘g‘risida axborot tarqaldi. 

Barcha materiallarni o‘rganib chiqib, «O‘zavtosanoat» AJ «Uz-Dong Yang Co» QKning koreys tomoni bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini rasman ma'lum qildi. Bundan tashqari, mamlakatda 1996 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan «Uz-Dong Yang Co» QK bilan qo‘shma loyihalar doirasida faoliyatni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Bildirilishicha, «O‘zavtosanoat» AJning asosiy vazifalaridan biri iste'molchilarni sifatli mahsulot bilan uzluksiz ta'minlash, avtosanoatdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali tannarxni optimizatsiyalashdan iborat. Ularni bajarish doirasida «UzAuto Motors» AJ tomonidan kelgusida ikki kompaniya o‘rtasidagi bahsning asosiy manbai bo‘lgan jihoz sotib olingan. «UzAuto Motors» AJ zavodlarini detallar bilan o‘z vaqtida ta'minlash bo‘yicha ishlab chiqarish vazifalarini hal qilish uchun ushbu jihoz kompaniya tasarrufida qolgan holda, «Uz-Dong Yang Co» QKga beg‘araz foydalanishga taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, tomonlar bahsi sud tartibida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqiladi. 

«O‘z navbatida, «O‘zavtosanoat» AJ barcha masalalar qonun doirasida adolatli hal etilishiga amin bo‘lib, «Uz-Metertech Co» QK va «Uz-Dong Yang Co» QK o‘rtasida yuzaga kelgan masalalar ushbu korxonalarning «UzAutoMotors» AJ bilan o‘zaro manfaatli hamkorligiga aslo ta'sir ko‘rsatmaydi. 

Kompaniya mahalliy avtomobilsozlik tarmog‘i rivojiga munosib ulush qo‘shayotgan xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun barcha choralarni ko‘rishda davom etadi», - deyiladi kompaniya xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top