21:04 / 22.12.2019
0
8263
Anqara AQSh sanksiyalari Turkiya va uning siyosatiga ta'sir o‘tkazolmasligini bildirdi

Sanksiyalar Qo‘shma Shtatlarning Donald Tramp ma'muriyati faol foydalanayotgan bosim va tahdidlarning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda, dedi Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shento‘p Anadolu agentligiga bergan intervyusida.

"AQSh o‘zi qiyinchilikka uchrayotgan va kerakli munosabatlar o‘rnata olmayotgan davlatlarga qarshi sanksiyalar kiritmoqda. Bir yarim yilcha avval, AQSh faol sanksiyalar siyosatini amalga oshirishni boshlaganida Vashingtonning tahdidlari davlatlarga sezilmas ruhiy bosim o‘tkazishi mumkin edi. Ammo u bu vositadan qanchalik ko‘p foydalansa, sanksiyalar shunchalik kam ta'sir ko‘rsatmoqda. Menimcha, Amerika sanksiyalari Turkiyaga hech qanday ta'sir o‘tkazmaydi, jumladan iqtisodiy nuqtai nazardan ham", - deb ta'kidladi u.

Shento‘p AQSh sanksiyalari Turkiyaning mudofaa salohiyatiga ham ta'sir ko‘rsatmasligiga ishonch bildirdi.

"Turkiya boshidanoq beshinchi avlod F-35 samolyotlari loyihasi ishtirokchilari tarkibiga kiradi, ammo amerikaliklar Turkiya pulini to‘lab qo‘ygan samolyotlarni berishni istamadi. Patriot zenit raketa tizimlarini sotishni rad etgani uchun Turkiyaning qadami qanday bo‘lganini eslatishimiz mumkin. Biz muqobil yo‘ldan foydalandik va Rossiyadan S-400 majmualarini sotib oldik. Bu esa Turkiya mustaqil siyosat olib borayotganini va alohida davlat, xususan, AQShning qarorlari uning rejalariga ta'sir o‘tkaza olmasligini isbotlaydi", dedi Turkiya parlamenti spikeri.

AQSh prezidenti Donald Tramp 21 dekabr kuni mamlakatning 2020 yilga mo‘ljallangan mudofaa budjetini imzoladi. 

Hujjat Turkiyaga Amerikaning beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini berishni taqiqlaydi. Anqara tomonidan Rossiyaning S-400 zenit raketa tizimi sotib olinishi “Rossiyaning Yevropa va Yevrosiyodagi ta'siriga qarshi turish” to‘g‘risidagi qonun moddasiga tushadi, bu esa sanksiya kiritilishini nazarda tutadi.

Budjetda Rossiyaning “Shimoliy oqim-2” va “Turk oqimi” gaz quvurlariga nisbatan sanksiyalar ham nazarda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top