12:52 / 24.12.2019
0
3987
Saylov jarayoni davomida 450dan ziyod saylov bilan bog‘liq internet ma'lumotlari jamlangan – Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Saylov jarayonida aniqlangan qonunbuzilishlariga o‘z vaqtida qonuniy chora ko‘rilishi uchun Bosh prokuratura qoshida va hududiy prokuratura organlarida tashkil etilgan shtablar tomonidan saylov jarayoni davomida 450dan ziyod saylov bilan bog‘liq internet ma'lumotlari jamlangan. Ayni paytda OAV va internetda saylovga oid qonun buzilishi haqida e'lon qilingan xabarlarni o‘rganish davom etmoqda. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 23 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Matbuot anjumanida 2019 yilning 22 dekabrida prokuratura organlariga fuqarolar, xususan, saylovchilar hamda nomzodlardan 44ta murojaat kelib tushgani, ularning bittasida parlament Qonunchilik palatasi, 43tasida mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovlarga bog‘liqligi aniqlangani bildirildi.

«Murojaatlarning 16tasida saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarga saylovga taklifnomalar va ovoz berish uchun saylov byulletenlari berilmagani bayon etilgan. Bunday murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, saylovchilarning saylash huquqi ro‘yobga chiqarildi. Saylov kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, saylovchilar ro‘yxatiga saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar kiritiladi. Shu munosabat bilan, doimiy yoki vaqtincha yashash joylari boshqa hududlarda bo‘lgan fuqarolarga o‘zlari saylovchi sifatida ro‘yxatga kiritilgan hududlardagi tegishli saylov uchastkalariga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirildi», deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bosh prokurorning ta'kidlashicha, 12ta murojaatda uchastka saylov komissiyalari a'zolari tomonidan saylov qonunchiligi talablari buzilgani, nomzodlarning ishonchli vakillari ovozlarni hisoblashda ishtirok eta olmagani, komissiya a'zolari qo‘pol munosabatda bo‘lgani, ayrim saylovchilar uchun navbatsiz ovoz berish imkoniyati berilgani haqida vajlar bayon etilgan va prokuratura aralashuvidan so‘ng tezkorlik bilan masalalar o‘z yechimini topgan.

Tadbirda 7ta murojaatda fuqarolar tomonidan ovoz berish va saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari hamda tartibi buzilgani haqidagi vajlar keltirilgani aytildi.

«Xususan, Bosh prokuratura ishonch telefoniga Buvayda tumanidan Mamadali Umataliyev murojaat qilib, tumandagi 279-sonli saylov uchastkasida ayrim saylovchilar bir necha fuqaro nomidan ommaviy ovoz berganini ko‘rsatdi. Murojaatni ko‘rib chiqishda, 22 dekabr kuni soat 12:30larda Buvayda tumanida yashovchi fuqaro Lutfullo Xolmatov 279-sonli saylov uchastkasida 20 dona saylov byulletenini saylov qutisiga tashlamoqchi bo‘lgan vaqtida kuzatuvchilar tomonidan to‘xtatib qolingani hamda undagi

saylov byulletenlari olib qo‘yilgani aniqlandi.

Yana bir fuqaro Gafur Abdilakimov o‘z murojaatida Chilonzor tumanidagi 545-sonli saylov uchastkasida fuqaro bir necha shaxs nomidan ovoz bermoqchi bo‘lganini bildirgan. O‘rganishda, 22 dekabr kuni soat 15:30larda Chilonzor tumanida yashovchi Nodir Baxtiyorov 545-saylov uchastkasiga kelib, to‘ldirilgan 14 dona saylov byulletenini saylov qutisiga tashlamoqchi bo‘lganida, kuzatuvchi shaxs tomonidan to‘xtatilib, holat yuzasidan dalolatnoma tuzilgani aniqlandi.

Hozirda Baxtiyorovga tazyiq o‘tkazilgan–o‘tkazilmagani, agarda tazyiq o‘tkazilgan bo‘lsa, bu harakatlar aynan kim tomonidan sodir etilgani va ishga aloqador boshqa holatlar o‘rganilmoqda, buning natijalari haqida keng jamoatchilikka ma'lum qilinadi», degan Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Hududlar kesimida tahlil qilinsa, Andijon, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 1tadan, Namangan viloyatidan 2ta, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan 4tadan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlaridan 5tadan, Samarqand viloyati va Toshkent shahrida 9tadan saylov bilan bog‘liq murojaat Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Avvalroq Bosh prokuraturaga saylovga oid 65ta murojaat bo‘lgani, shundan 24tasi Surxondaryodan kelib tushgani aytilgan edi.

Saylov qonunchiligini buzgani uchun hozirga qadar 2 nafar ma'muriy, qo‘pol qonunbuzilishlar yuzasidan 2ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top