22 dekabr kuni soat 13:00ga qadar bo‘lgan vaqtda saylovlar masalasida prokuratura organlariga 65ta murojaat tushgan bo‘lsa, shundan 24tasi Surxondaryo viloyati bilan bog‘liq. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'lum qildi.

«Hududlar kesimida Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlariga 1tadan; Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2tadan, Buxoro viloyatiga 3ta, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga 4tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga 6tadan, Farg‘ona viloyatiga 7ta, Surxondaryo viloyatiga 24ta murojaat to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning 30tasi bevosita fuqarolardan, shu jumladan, 9tasi saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardan hamda 35tasi davlat organlari va muassasalar, xususan, Markaziy saylov komissiyasidan kelib tushdi.

Murojaatlarning 12tasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 53tasi xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarga taalluqli», – degan Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ma'lum qilishicha, 65ta murojaatdan 37tasi muayyan shaxslarning nomzod sifatida ko‘rsatilmagani, buning oqibatida ular saylovda ishtirok eta olmaganligi bilan bog‘liq.

«Qonunga ko‘ra, deputatlikka nomzodni ilgari surish siyosiy partiyalarning mutlaq vakolati hisoblanadi, prokuratura organlarining siyosiy jarayonga bevosita aralashishi mumkin emas. Bunday holatda, qonun talabiga ko‘ra, fuqaro siyosiy partiya markaziy kengashiga murojaat qilishi yoki uning qarori ustidan sudga shikoyat berishi mumkin.

Shu munosabat bilan, shu mazmundagi shikoyat bilan murojaat qilgan fuqarolarimizga qonun talablari tushuntirildi», – deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma'lum qilinishicha, saylov kampaniyasining ilk kunlaridanoq prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning saylash va saylanish huquqiga qat'iy rioya etilishiga hamda bu jarayonda qonuniylikni ta'minlash, saylov jarayonida aniqlangan qonunbuzilishlariga o‘z vaqtida qonuniy chora ko‘rilishi uchun Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova boshchiligida saylov qonunchiligini yaxshi biladigan salohiyatli xodimlar ishtirokida Bosh prokuraturada shtab tashkil etilgan.

Xuddi shunday shtablar hududiy prokuraturalarda ham viloyat prokurorlari boshchiligida faoliyat ko‘rsatmoqda.