11:02 / 27.12.2019
2
26891
O‘zbekistonning tashqi qarzi 21 mlrd dollardan oshdi
Foto: Paul Yeung/Blomberg

Markaziy bank O‘zbekistonning 2019 yil 9 oyi uchun to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi bo‘yicha nashriga qisqacha ma'lumot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, 2019 yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga tashqi qarzdorliklarning ortishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning jalb qilinishi hamda ular bo‘yicha «yig‘ilib qolgan» majburiyatlarning so‘ndirilishi va kelib tushayotgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi kabi omillar o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Yuqorida keltirilgan omillarning ta'siri ostida to‘lov balansining joriy hisobi 1,4 mlrd. dollarga teng defitsitni ko‘rsatdi. Bunda, savdo balansi va xalqaro xizmatlarning manfiy saldosi (6,1 mlrd. doll.) birlamchi va ikkilamchi daromadlarning musbat saldosi (4,7 mlrd. doll.) bilan qisman qoplandi.

Shu bilan birga, moliyaviy hisobning manfiy saldosi rezidentlar moliyaviy majburiyatlarining ko‘payishi (6,1 mlrd. doll.), shuningdek rezidentlar tomonidan moliyaviy aktivlarning sotib olinishi (1,3 mlrd. doll.) natijasida 4,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bunda, rezerv aktivlari 662 mln. dollarga ko‘paydi.

O‘zbekistonning sof investitsion pozitsiyasi joriy yilning 1 oktyabrida 13,7 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bunda, qolgan mamlakatlarga nisbatan davlat boshqaruvi va bank sektorlari «sof kreditorlar», boshqa sektorlar esa «sof qarzdorlar» hisoblanadi.

O‘zbekistonning jami tashqi qarzi joriy yilning 1 oktyabrida 21,5 mlrd. dollarni tashkil qilgan bo‘lib, undan 13,8 mlrd. dollari davlat sektorining qarzlari, 7,7 mlrd. dollari xususiy tashqi qarz hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top