18:00 / 02.01.2020
26
83785
Oliy sud 15 sutkaga qamalgan andijonlik bloger ishi bo‘yicha ma'lumot berdi
Foto: fb.com/otabek.nuritdinov1

Shu kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Otabek Nuritdinov» taxallusi ostida voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va bezorilikda ayblanib 15 sutka ma'muriy qamoq bilan jazolanishi mavzusi keng muhokama qilinmoqda. Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz’ga ushbu ish bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.

Kimlar shikoyat qilgan?

Ish hujjatlariga ko‘ra, Asaka tumani hokimi E.Yakubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori M.Isaqova va Andijon viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ishonch telefoniga murojaat qilib, Facebook orqali 2019 yil 4 avgust, 2019 yil 7 oktabr va 2019 yil 18 oktabr kunlarida «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi ularni obro‘sizlantiruvchi, shaxsiyatini sharmanda qiluvchi, haqoratli uydirmalar hamda tuhmat va bo‘htondan iborat ma'lumotlarni tarqatgani uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida «Otabek Nuritdinov» akkaunti 1983 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, oliy ma'lumotli, oilali, 4 nafar farzandi bor, ishsiz, muqaddam sudlanmagan, ma'muriy javobgarlikka tortilgan, ayni vaqtda Andijon viloyatining Asaka tumanida yashaydigan Abdufatto Nuritdinovga tegishli ekani aniqlangan.

Bundan tashqari, Asaka tuman «Suvoqova» DUK rahbari B.Qahhorov Asaka tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10:30larda Asaka tuman Moliya bo‘limi oldida A.Nuritdinov uni jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kkani uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

«Surishtiruv ishlarini amalga oshirgan Asaka tuman ichki ishlar bo‘limining 2019 yil 30 dekabrdagi jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish va ma'muriy tartibda chora ko‘rish haqidagi qaroriga ko‘ra, Asaka tuman Sohil bo‘yi ko‘chasi 2-uyda yashovchi, Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov O‘zbekiston Respublikasi IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, Asaka tuman hokimiyati mutaxassislari tomonidan internet orqali viloyatdagi ijtimoiy–siyosiy vaziyat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar kuzatib borilayotgani, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019 yil 4 avgust kuni soat 14:57da «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi fuqarolarda hokimiyat vakillariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otuvchi, ularni obro‘sizlantirish, shuningdek viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lgan ma'lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, Andijon shahridagi «Ekin-tikin» mahallasida yashovchi Furqatbek Buzrukov (Andijon viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i) IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, Asaka tumani «Ibn Sino» MFY, Shinam ko‘chasi 23-uyda yashovchi, «Otabek Nuritdinov» nomli profil foydalanuvchisi Abdufatto Nuritdinov 2019 yil 7 oktabr kuni «Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukovdan shikoyatlar ko‘paymoqda, yaqin kunlarda ushbu oyog‘i yerdan uzilgan amaldor haqida maqola chiqarib yerga tushirib qo‘yamiz, sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq ham seni nazarga olmaydi, hech kimmasligingda onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo‘lganding, tasavvur qilgin 33 million aholi bittadan tuflasa ham tupugiga cho‘kib o‘lasan, oynaga bir qaragin yaxshilab e'tibor berib qaragin», deya yozib, ushbu post ostiga «cho‘chqa» timsolidagi fotosuratni joylab, uni haqorat qilganini bildirib, ushbu akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, Asaka tumanining «Do‘rman» MFY, Do‘rman ko‘chasida yashovchi Muhayyoxon Isaqova (27-maktab direktori) IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi 2019 yil 18 oktabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, tuhmat qilingani, u va uning jamoasini «korrupsion ochag» deb haqorat qilganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Asaka tumanining «Oqbo‘yra» MFY, Istiqlol ko‘chasi 17-uyda yashovchi fuqaro Bahodir Qahhorov (Asaka tuman «Suvoqova» DUK rahbari) Asaka tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z murojaatida 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10:30larda Asaka tuman Moliya bo‘limi ma'muriy binosidan chiqayotgan vaqtida, A.Nuritdinov jamoat joyida, uni hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzganini bildirib, unga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘rishni so‘ragan», deyiladi ma'lumotda.

Sud jarayoni va guvohlarning ko‘rsatmalari

2019 yil 30 dekabr kuni Andijon viloyat ma'muriy sudining ochiq sud majlisida Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan fuqaro Abdufatto Nuritdinov (bloger Otabek Nuritdinov)ga oid O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi bilan yuritilgan ma'muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Sud majlisida A.Nuritdinov aybiga iqror bo‘lmagan holda, haqiqatan ham internet orqali viloyatdagi ijtimoiy–siyosiy vaziyat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalarni kuzatib borishini, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt ochib foydalanishini, Asaka tumani hokimi E.Yakubov, Asaka tumanidagi 27-maktab direktori M.Isaqova va Andijon viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovga nisbatan bildirgan fikrlarini hokimiyat vakillarini hamda fuqarolarni obro‘sizlantirish va haqorat qilish deb hisoblamasligini, shuningdek, viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan sharmanda qiluvchi uydirmalarni ham tarqatmaganini, 27-maktab direktori M.Isaqova haqidagi fikrlarini shu maktabda ishlagan Sardor Madaminov ismli o‘qituvchidan eshitib yozganini, 2019 yil 30 dekabr kuni esa hech kimga so‘kinmagani, unga nisbatan asossiz ma'muriy bayonnoma tuzilgani, shuning uchun hujjatlarni imzolashdan bosh tortganini bayon qilib, ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi B.Qahhorov 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10:30da Asaka tumani Moliya bo‘limi binosi oldida fuqaro A.Nuritdinov uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat joyi hisoblangan joyda so‘kingani va jamiyatda yurish turish qoidalarini mensimasdan bezorilik qilganini, ushbu holatni D.Rasulov va J.Ismoilov ham ko‘rganini, shu tufayli unga nisbatan chora ko‘rish uchun Asaka tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilganini, ushbu harakatlari uchun A.Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida so‘ralgan guvoh D.Rasulov Asaka tumani Moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelishini, 2019 yil 30 dekabr kuni Moliya bo‘limi binosi oldiga fuqaro A.Nuritdinov, «Asaka tuman gazta'minot» davlat korxonasi bo‘limi boshlig‘i J.Ismoilov, Asaka tuman «Suvoqova» davlat unitar korxonasi boshlig‘i B.Qahhorov kelganini, ushbu tashkilot rahbarlari bilan tashqarida suhbatlashib turganida B.Qahhorov A.Nuritdinovga internet tarmog‘ida u haqida noto‘g‘ri fikrlarni bildirgani, unga nisbatan tuhmat qilayotganini aytgan vaqtda A.Nuritdinovning jahli chiqib, jamoat joyi hisoblangan Asaka tuman Moliya bo‘limi binosi oldida baland ovoz bilan so‘kinib, baqir-chaqir qilib, bezorilik qilganini, ushbu uyatli so‘zlar o‘ziga ham tegib ketganini aytib, ushbu harakatlari uchun A.Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida so‘ralgan guvoh J.Ismoilov «Asaka tuman gazta'minot» davlat korxonasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelishini aytib, yuqoridagi D.Rasulov va B.Qahhorov bergan ko‘rsatmalarni tasdiqlagan va A.Nuritdinovga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi M.Isaqova haqiqatan ham unga nisbatan «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt foydalanuvchisi haqorat va tuhmat qilgani yuzasidan ichki ishlar vazirligining ishonch telefoniga murojaat qilganini, chunki ushbu foydalanuvchi 2019 yil 18 oktyabrda internetda uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib jiddiy ayblov bilan tuhmat qilgani, u va uning jamoasini «korrupsion ochag» deb xaqorat qilganini bayon qilgan, internetdagi mazkur haqorat va tuhmatlarni dastlab kursdoshi o‘qib, unga aytgani, shundan keyin maktab o‘qituvchilaridan ham eshitgani, o‘zi ham o‘qiganidan so‘ng qattiq ta'sirlangani, chunki uzoq yillardan buyon maktabda halol va vijdonan ishlab kelishini, internetdagi gaplar esa tuhmat va haqoratdan iboratligini, surishtiruv organi tomonidan ushbu akkaunt foydalanuvchisi A.Nuritdinov ekani aniqlangani, shuning uchun yuqoridagi harakatlari uchun unga qonuniy chora ko‘rish va undan ma'naviy zararni undirib berishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida so‘ralgan guvoh F. Rahimova 2019 yilning 19 oktabr kuni ish joyi bo‘lgan 27-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga kelgan vaqtda o‘qituvchilar Facebook tarmog‘idagi «Otabek Nuritdinov» taxallusli blogerning postini muhokama qilishayotgani ustidan chiqqan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bloger o‘z profili orqali 2019 yil 18 oktabr kuni maktab direktori Muhayyo Isaqovani haqorat qilgan, uning postida «Asaka tumani 27-maktabdagi uchiga chiqqan korrupsiyachi direktor Isaqova Muhayyo boshchiligida hamda Buzrukovning himoyasidami?», deya savol qo‘yilgan. Bundan tashqari, ushbu direktor maktab hududida oilaviy oshxona ochgani, barcha guruhlar shu oshxonada ovqatlanishga majburligi, har bir boladan 40 ming so‘mdan pul yig‘ilishi, ushbu oshxonani turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li yurgizib kelishi, kirdikorlarining oxiri yo‘qligi, o‘g‘lini ikkita shtatga ishga joylagani, o‘qituvchilarga premiya pullari chiqarishi va ular bu pulni direktorning o‘ziga qaytarishi, bu ishlarda o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xasanova Nozila yordam berishi, «profsoyuz pullari» degan tushuncha bu maktab o‘qituvchilariga begonaligi va bu pullar qayerdaligi, «tekshiruvchi keldi» deb o‘qituvchilardan pul yig‘ib komissiyalarning «og‘zi bekitib jo‘natilishi», ishga kirish pulligi kabi turli ayblovlar bildirilgan. Postda maktab direktori pulga o‘chligidan xohlagan o‘qituvchisini ishdan bo‘shatishi mumkinligi, o‘rin bo‘shasa bu yangi daromad manbai bo‘lishi qo‘shimcha qilingan.

F.Rahimova A.Nuritdinovning posti ostida e'tiroz bildirgani, chunki maktab direktori talabchan rahbarligi, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish pullaridan va oyliklaridan pul ham yig‘magani, o‘qituvchilarni pul evaziga ishga olmasligini ta'kidlab, bloger bildirgan fikrlar tuhmatligi haqida ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida so‘ralgan guvoh Sh.Usmonov Andijon viloyat Xalq ta'limi boshqarmasida huquqshunos vazifasida ishlab kelishini, A.Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Andijon viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovga nisbatan bildirilgan fikrlar haqorat va tuhmatligi, u boshqarmasi vakili sifatida bu fikrlar Buzrukovni obro‘sizlantirish va uning ish faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan harakatlar deb hisoblashini, chunki 2019 yil 7 oktabr kuni A.Nuritdinov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yozilgan haqoratli post juda ko‘p pedagoglarning e'tirozlariga sabab bo‘lgani, ushbu harakatlari uchun A.Nuritdinov qonuniy jazo olish zarurligini aytib, ko‘rsatuv bergan.

Sud qarori

«Sud huquqbuzar A.Nuritdinovning yuqoridagi huquqbuzarlik harakatlari bo‘yicha aybi surishtiruv organi tomonidan to‘plangan va sudda tekshirilgan dalillar, xususan surishtiruv davrida olingan tushuntirish xatlaridagi ko‘rsatuvlar, sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari, ish hujjatlaridagi arizalar, bildirgi, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar, Facebook ijtimoiy tarmog‘idan olinib nusxalari ilova qilingan yozishmalar va foto-lavhalar, o‘rganish ma'lumotnomalari va ularga ilova qilingan hujjatlar hamda ish bo‘yicha to‘plangan dalillar majmui bilan o‘z isbotini topgan deb hisoblab, surishtiruv organi tomonidan A.Nuritdinovning harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasi to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.

Sud A.Nuritdinovning aybiga iqror bo‘lmasdan bergan ko‘rsatuvlarini muqarrar jazodan qutulishga qaratilgan harakat deb tanqidiy baholadi va unga nisbatan jazo tayinlashda uning to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, muqaddam sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi va 41-moddasi bilan qonun sanksiyasi doirasida jarima jazosi va 183-moddasi bilan ma'muriy qamoqqa olish jazosi tayinlashni, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasi tartibida uzil-kesil og‘irroq ma'muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida jazo tayinlashni, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 9 yanvardagi «Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi Qonunining 24-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni ma'muriy qamoqda saqlash xarajatlari undirilishi bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi belgilanganini inobatga olib, qamoqda saqlash xarajatlarini A.Nuritdinovdan undirishni lozim topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Abdufatto Nuritdinov O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

A. Nuritdinovga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

A. Nuritdinovga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Jazoni o‘tash muddati 2019 yil 30 dekabr kuni soat 19:45dan boshlab hisoblangan.

A. Nuritdinovni qamoqda bo‘lgan har bir kuni uchun 33 450 so‘m miqdorida, jami 501 750 so‘m qamoqda saqlash xarajatlari undirilishi belgilandi.

Qarorni ijro qilish Andijon shahar IIB zimmasiga yuklatildi.

Jabrlanuvchilarga ma'muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni undirish (ma'naviy zararni qoplash) masalasi fuqarolik sud ishini yuritish tartibida hal etilishi tushuntirildi.

Qarordan norozi taraflar ikki oy ichida, huquqbuzar qaror nusxasini olgan kundan boshlab ikki oy ichida shu sud orqali Andijon viloyat ma'muriy sudining kassatsiya instansiyasiga shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqliligi ma'lum qilinadi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov tomonidan taqdim etilgan ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top