21:57 / 10.01.2020
3
12171
AQSh Iroq bilan mamlakatdan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketishni muhokama qilmasligini bildirdi

AQSh hukumati Iroqdan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketishni muhokama qilish uchun bu davlatga delegatsiya yuborishni rejalashtirmayapti. Bu haqda AQSh davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Morgan Ortegusning bayonotida ma'lum qilindi.

Avvalroq Iroq bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Odil Abdul Mahdiy AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bilan telefon orqali muloqotida Iroqdan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish mexanizmini ishlab chiqish uchun Vashingtondan Bag‘dodga o‘z vakillarini yuborishni talab qilgandi.

"Ayni vaqtda Iroqqa yo‘l olgan har qanday delegatsiyaning maqsadi qo‘shinlarni olib chiqib ketish emas, strategik hamkorligimiz bilan shug‘ullanish, Yaqin Sharqdagi kuchlarimizni to‘g‘ri joylashtirishni muhokama qilish bo‘ladi", - deyiladi Ortegusning bayonotida. 

Shu bilan birga, u Vashington va Bag‘dod o‘rtasidagi muzokaralar nafaqat xavfsizlik, balki ikki davlatning "moliyaviy, iqtisodiy va diplomatik hamkorligi" borasida ham bo‘lishini ta'kidlagan.

Avvalroq Iroq parlamenti mamlakatdan xorij qo‘shinlarini chiqarib yuborish uchun ovoz bergandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top