15:30 / 22.01.2020
0
8468

«Hududgazta'minot» «O‘zneftgazinspeksiya» hisobotiga e'tiroz bildirdi

«Hududgazta'minot» kompaniyasi «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan tarqatilib, OAVda e'lon qilingan tabiiiy va suyultirilgan gaz o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi». Aynan, mana shunday sarlavha ostida «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan tarqatilgan press-relizda, ushbu tashkilot keng jamoatchilik  va ommaviy axborot vositalariga hududlarda tabiiy va suyultirilgan gaz o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holatlar haqida xabar berdi. Ammo unda keltirilgan ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Xususan, press-relizda «eng jiddiy huquqbuzarliklar Namangan va Jizzax viloyatlarida aniqlandi. «Mezbon» MChJ va «Nafosat bekati» MChJ korxonalariga tegishli umumiy ovqatlanish korxonalarida jami 306 mln. so‘mlik 306 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi» deb ta'kidlanadi.

«Hududgazta'minot» AJdagi mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatidagi «Mezbon» MChJga qarashli ovqatlanish joyini tekshirish «Hududgaz Namangan» MChJning «Uychitumangaz» filiali mutaxassislari tomonidan olib borilgan. Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish faktlarini aniqlash natijalari bo‘yicha Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi xodimlari qaror qabul qilish uchun taklif qilinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirgan. «O‘zneftgazinspeksiya» vakillari ushbu tadbirda ishtirok etmagan.

Yana bir misol. «O‘zneftgazinspeksiya» ta'kidlashicha, «Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida hech qanday ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan ohak sexi tomonidan gaz tarmog‘iga ulanib gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitob bo‘yicha jami 330 mln. so‘mlik 330 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi».

Ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida, «Hududgazta'minot» AJ quyidagilarni ma'lum qiladi: Haqiqatan ham, Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida tabiiy gazni o‘g‘irlash holati qayd etilgan. Tekshiruv press-relizda ta'kidlanganidek, «O‘zneftgazinspeksiya» xodimlari tomonidan emas, balki «Hududgazta'minot» AJning tarkibiy bo‘linmalari ishlovchi, xususan, «Pastdarg‘omtumangaz» filiali mutaxassislari, usta M.To‘xtashev, metrolog B.Sobirov va chilangar G.Islomov tomonidan amalga oshirilgan. Tekshiruvga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham jalb etilgan. Noma'lum sabablarga ko‘ra, «O‘zneftgazinspeksiya» mazkur tekshiruv natijalarini o‘z nomidan e'lon qildi, zero, tashkilot mutaxassislarining bu tekshiruvga umuman aloqasi yo‘q va bu tadbirda ular ishtirok etishmagan.

Shuningdek, «O‘zneftgazinspeksiya»ning press-relizida qonunubuzarliklar bilan bog‘liq yana boshqa misollar jumladan, poytaxt hududida o‘tkazilgan tekshiruvlar haqida ham ma'lumotlar keltiriladi. Xususan, «yana bir nechta gaz ta'minoti tizimiga ruxsatsiz ulanish holatlari Toshkent viloyatining Toshkent va Qibray tumanlarida aniqlangan. 157 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda issiqxonalar va «Muhammad» MChJ parrandachilik fermalaridan birida foydalanilgan. Umuman olganda, viloyat hududida jami 690 mln. so‘mlik 690 ming metr kub hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlandi» deb ma'lumot keltirilgan.

Mazkur holat bilan bog‘liq ayni haqiqatni aniqlash uchun «Hududgazta'minot» AJ quyidagilarni ma'lum qiladi: gaz ta'minoti tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar «Hududgaz Toshkent» MChJ «Toshkenttumangaz» filiali tomonidan, «O‘zneftgazinspeksiya» mutaxassislari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan.

Shunga o‘xshash yana bir holat, Qibray tumanida ham sodir bo‘lgani keltirilgan. Press-relizga ko‘ra, «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan issiqxonalar va «Muhammad» MChJga qarashli parrandachilik fermalaridan birida tabiiy gazni o‘g‘irlash bilan bog‘liq qonunbuzarlik holati aniqlagan. Aslida esa, bu tekshiruv ham «Qibraytumangaz» filiali xodimlari tomonidan, «O‘zneftgazinspeksiya» mutaxassislarini jalb etgan holda aniqlangan. Gaz ta'minoti tizimidagi bunday qonunbuzilish holatlarini aniqlash uchun tekshiruvlar «Hududgazta'minot» AJning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Andijon viloyatida suyultirilgan gazni o‘g‘irlash bo‘yicha aniqlangan holatlarga aniqlik kiritib o‘tish lozim. Press-relizda qayd etilishicha, aholi uchun tarqatiladigan suyultirilgan gazdan «Andijon shahargaz» filialida 25 ming kg. (54,3 million so‘m) miqdordagi gazni noqonuniy hisobdan chiqarish va omborni tekshirish vaqtida ushbu filial xodimlari tomonidan 738 mln. so‘mlik 2390 dona maishiy gaz ballonlari yetishmasligi holatlari aniqlangan. Ushbu dalillarga qo‘shimcha ravishda, filial xodimlari tomonidan aholidan suyultirilgan gaz uchun olingan 80 mln. so‘m pul mablag‘lari xizmat ko‘rsatuvchi bank kassasiga topshirmaslik bo‘yicha jiddiy qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

«Hududgazta'minot» AJda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatidagi ushbu tekshiruv «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan 2019 yil noyabr oyida o‘tkazilgan. «Hududgaz Andijon» MChJ bilan birgalikda tekshiruv tadbirlarni o‘tkazish uchun 2019 yil 7 noyabrda 04-12 KB-son ikki tomonlama buyruq qabul qilinganiga qaramay, «Hududgaz Andijon» MChJ xodimlari qonuniy kelishuvlar doirasida tekshiruvlarda ishtirok etish uchun taklif qilinmagan.

Andijon viloyati hududidan suyultirilgan gazni olib chiqishga urinish holatiga ham aniqlik kiritilishi lozim. «O‘zneftgazinspeksiya» press-relizida, «Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 8 yanvar kuni huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda inspeksiya tomonidan Andijon viloyati hududidan suyultirilgan gazni olib chiqishga urinishning oldi olindi. 24 mln so‘m qiymatidagi 10,2 tonna suyultirilgan gaz, davlat raqami 70 707 VAA gaz tashish avtomashinasida olib ketilayotganida aniqlandi. Ushbu yoqilg‘i «Shahrixon» gaz to‘ldirish shoxobchasida noqonuniy tarzda yuklanganligi ma'lum bo‘ldi» deb qayd etilgan.

Andijon viloyatidagi mazkur tekshiruv ham aslida, viloyatdagi suyultirilgan gaz to‘ldirish punktlarini tekshiruvdan o‘tkazishga qaratilgan «Hududgazta'minot» AJning tegishli buyrug‘i doirasida amalga oshirilgan. Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha, yetakchi muhandis - «Shahrixon» gaz to‘ldirish shoxobchasi boshlig‘i - Davronov Shavkat, suyultirilgan gaz hisobini yuritish bo‘yicha texnik, hisobchi - Shukurov Shuhrat va mazkur suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi quyuvchi-to‘kuvchisi - Rasulov Jasurbekka nisbatan xizmat vazifalarini bajarishdagi qo‘pol qonunbuzarliklari yuzasidan qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rildi. Barcha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Ta'kidlash joizki, mazkur ma'lumotni tayyorlash jarayonida «O‘zneftgazinspeksiya» AJ tomonidan e'lon qilingan press-relizning uslubi va imlosi saqlandi. «Hududgazta'minot» AJ tomonidan amalga oshirilgan tekshirishlar to‘g‘risidagi barcha tasdiqlovchi hujjatlar aksiyadorlik jamiyatining matbuot xizmatida mavjud.

«Hududgazta'minot» AJ o‘z faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlagan holda, bundan keyin ham, soha holati to‘g‘risida haqiqatga mos bo‘lgan ma'lumotlar bilan keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilishni davom ettiradi. Fursatdan foydalanib, tabiiy gaz va suyultirilgan gaz iste'molchilaridan gaz ta'minoti tizimida aniqlangan o‘g‘irlik va huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabarlarni «Hududgazta'minot» AJning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasiga yoki Telegram platformasidagi +998998086808 raqamiga yuborishlarini so‘raymiz. Ma'lumot beruvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», deyiladi «Hududgazta'minot» AJ matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top