19:42 / 28.01.2020
2
7889
O‘zbekistonda qaysi kasbga talab yuqoriligini ko‘rsatuvchi birorta statistika yo‘q – Bahodir Umrzoqov
Arxiv foto: AOKA

«Bugun O‘zbekiston mehnat bozoriga qancha kadr kerak, 5-10 yildan keyin qancha xodim talab qilinadi? Bu kabi savollarga hech kim javob bera olmaydi, hatto Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ham».

Bugun, 28 yanvar kuni Toshkentda o‘tgan seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov shunday deb ta'kidladi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zbekistonda ta'lim tizimini rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar» mavzusidagi seminarda milliy kvalifikatsiya ramkasini ishlab chiqish muhokama qilindi, yangi tizim yuqoridagi kabi kamchiliklarni to‘ldirishga xizmat qilishishi aytildi.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Loyiha yuzasidan takliflar bergan Bahodir Umrzoqovning aytishicha, milliy kvalifikatsiya ramkasi joriy etilishi bilan respublika, hudud, tarmoqlar va tashkilotlarda ish o‘rniga talabni oldindan prognoz qilish imkoni paydo bo‘ladi.

«Birlamchi talabni vazirlik emas, bevosita ishlab chiqarish sohasi belgilab bera boshlaydi. Yangi kasblar yaratila boshlanadi.
Masalan, AQShda har yili 700-750ta yangi kasb paydo bo‘ladi.O‘zbekistonda esa hukumat tomonidan 2014 yilda kasblar ro‘yxati tasdiqlangan. Lekin shundan beri 6 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, biror yangi kasb tasdiqlamadik.

Bundan tashqari, qaysi kasblarga talab yuqoriligi to‘g‘risida tahlil, statistikalar ham yo‘q. Milliy kvalifikatsiya tizimini yaratsak, bu bo‘yicha tegishli tahlillar olib borish imkoni paydo bo‘ladi», – deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari.

Uning qayd etishicha, hozir O‘zbekistonda hukumat tomonidan tasdiqlangan 18,5 mingta lavozim va ish joyi mavjud bo‘lib, ulardan birortasining pasporti yo‘q.

«Vaholanki, xodimdan professionallik darajasini tasdiqlovchi kasb pasporti talab qilinadi, biroq u ishlamoqchi bo‘lgan joyning pasporti yo‘q. Bu holda xodim ega bo‘lgan malaka va u egallamoqchi bo‘lgan ish o‘rnini bir-biriga taqqoslab bo‘lmaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir yil ichida respublikadagi barcha ish o‘rinlari pasportini ham ishlab chiqishni zimmasiga olmoqda», – dedi Bahodir Umrzoqov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top