O‘zbekiston | 15:52 / 28.01.2020
16043
4 daqiqa o‘qiladi

«Koreya 30 yilda qilgan ishni biz bir necha oyda qilishimiz zarur» - Kasbiy ta'limda yangi tizim yaratilmoqda

O‘zbekistonda milliy kvalifikatsiya ramkasi, kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha professional standartlar va tabaqalashtirilgan ta'lim dasturlari ishlab chiqilmoqda.

Yangi ramka standartlar 2020-2021 o‘quv yilidan amalga tatbiq etilishi zarur. Bu haqda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenbayev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston professional ta'lim dasturlari YuNeSKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Ta'limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uyg‘unlashmagani, o‘quv jarayoniga O‘zbekistonning milliy kvalifikatsiya tizimi to‘liq joriy etilmagani tufayli mamlakatimizda tayyorlanayotgan kadrlar xalqaro va milliy mehnat bozorida munosib o‘rin egallashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan edilar.

Yangi ta'lim standartlari ishlab chiqilishi jarayonida esa ularning xalqaro standartlarga mosligi ta'minlanadi», – dedi Toshkenbayev seshanba kuni Toshkentda o‘tgan seminarda.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Inspeksiya tashkil etgan seminarda xalqaro ekspertlar va tegishli vazirliklar xodimlari ishtirokida mazkur mavzu muhokama qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning aytishicha, Janubiy Koreya ushbu vazifani 30 yil davomida amalga oshirgan.

«Biroq biz milliy malakaviy ramkalarni (kvalifikatsiyalar) aprelgacha - bir necha oy davomida ishlab chiqishimiz zarur. Albatta, hozir informatsion texnologiyalar va informatsion raqamlar mavjudligi ishimizni osonlashtiradi, biroq zimmamizdagi vazifa katta», – deb ta'kidladi Bahodir Umrzoqov.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

«Ayni paytda jahon mehnat bozorida yoshlarimiz qo‘llarida malaka sertifikati bo‘lishiga qaramasdan eng past miqdorda oylik to‘lanadigan ishlarni qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Shunda ham ular orqali har yili O‘zbekistonga 7,5 millard AQSh dollargacha mablag‘ni kirib keladi. Agar yoshlarni o‘qitish mexanizmini, ta'lim kvalifikatsiyasini xalqaro standartlarga moslashtirsak, xalqaro mehnat bozoridan 20 milliard so‘mgacha mablag‘ kirib keladi», – deydi Umrzoqov.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonovning qayd etishicha, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki tadqiqotlari ish beruvchilar va ta'lim o‘rtasida katta bo‘shliq paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Botir Usmonov
Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Yangi standartlarni tezroq ishlab chiqish va joriy etish orqali imkon qadar bu kamchilikni tezroq bartaraf etish zarur. Bunda kadrlar tayyorlash va kasb klassifikatsiyasi bir-biriga muvofiq bo‘lishi kerak.

«Soha malaka ramkalari yoki professional standartlarni yaratish uchun hammasini noldan boshlash shart emas. Chunki atrofimizdagi juda ko‘p davlatlar bu narsani allaqachon joriy qilishgan.

Masalan, aviatsiya sohasidagi mehnat munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi ICAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) mavjud bo‘lib, u tizimdagi har bir kasbga o‘z muvofiqlashtiruvchi standartini yaratgan. Agar biz texnikum, bilim yurtlarida XFAT talablariga mos ravishda o‘qitib, diplom bersak, bu hujjat keyinchalik dunyoning barcha davlatlarida qabul qilinadi.  Xalqaro talab bajarilganligi tan olinib, diplom xalqaro miqyosda attestatsiya talablariga javob beradi.

Har bir sohada - qishloq xo‘jaligi, sanoat yo‘nalishlarida shu mexanizm bilan ishlasak, velosipedni qaytadan ixtiro qilib o‘tirishga hojat qolmaydi», – deya o‘z takliflarini bildirdi Botir Usmonov.

Anjumanda qayd etilishicha, professional ta'lim standartlari va milliy kvalifikatsiya tizimini yaratish bo‘yicha har bir manfaatdor vazirlik takliflar berishi va ular aprel oyiga qadar umumlashtirilishi zarur.

Mavzuga oid