13:59 / 31.01.2020
0
5129
Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidagi so‘nggi kunini o‘tkazmoqda 

Britaniya 31 yanvar kechki payt 2016 yilda Yevropa Ittifoqida a'zolik bo‘yicha o‘tkazilgan referendumdan 3,5 yil o‘tib ittifoq tarkibini tark etadi.  

Foto: Getty Images

Britaniya London vaqti bilan soat 23:00dan Yevropa Ittifoqi a'zosi bo‘lishdan to‘xtaydi. Shu sababli Birlashgan qirollikda ushbu muhim voqeaga faol tayyorgarlik ketmoqda. Jumladan, bosh vazirning Dauning-stritdagi qarorgohi binosiga proyeksiyalangan soat Brexit’gacha qolgan vaqtni ko‘rsatib turibdi.

Shuningdek, ushbu hodisaga atalgan 50 penslik tanga muomalaga chiqariladi. 

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham shu munosabat bilan Angliya shimolida hukumat a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Jonson keyinroq, mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishiga bir soat qolganda millatga murojaat bilan yuzlanadi. Bosh vazir avval ta'kidlaganidek, “Brekzit” “Britaniya uchun ajoyib, umid va yangi imkoniyatlar lahzasi bo‘ladi”.  

O‘z navbatida Yevropa bu voqea munosabati bilan alohida tadbirlar rejalashtirmagan. Bryussel “Brekzit” bo‘yicha matbuot uchun bayonot berish bilan kifoyalanib qoladi. 

Britaniyaning Yevroparlament binosi yaqinida osilgan bayroqlari tushiriladi. Bu jarayon ham biror-bir marosimlarsiz o‘tishi kutilmoqda. Bayroqlardan birini keyinroq Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi muzeyida joylashtirish rejalashtirilgan.

“Brekzit”dan keyin Britaniyada 2020 yil 31 dekabrgacha davom etadigan o‘tish davri boshlanadi. Bu davr Yevropa Ittifoqi va Britaniyaga hal qilinmay qolgan masalalarni muhokama qilish va bo‘lg‘usi munosabatlar bo‘yicha bir to‘xtamga kelish uchun kerak bo‘ladi. 

O‘tish davrida Britaniya Yevropa bojxona ittifoqida va yagona bozorida qolaveradi, Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida erkin harakatlanish saqlanib qoladi. Shu bilan birga, Britaniya Yevroparlament va Yevrokomissiyada a'zolik qilishdan to‘xtaydi, ya'ni Britaniya Yevropa Ittifoqi qoidalari va qonunlariga amal qiladi, biroq unda o‘z ovozi huquqi bo‘ladi.

Tomonlar hal qilishi kerak bo‘lgan asosiy masala – yangi savdo kelishuvi bo‘lib, agar ular bu borada bir to‘xtamga kela olishmasa, YeI va Britaniya o‘rtasidagi savdo Jahon savdo tashkiloti qoidalariga binoan yuz beradi, biroq bu ikki tomon uchun ham nafli emas.

Shuningdek, tomonlar huquqshunoslik, xavfsizlik, ma'lumotlar almashish, dori-darmonlarni litsenziyalash, aviatsiya standartlari va gaz hamda elektr energiya yetkazish sohalari bo‘yicha kelishuvga erishishlari lozim bo‘ladi. 

Brexit bo‘yicha referendum Britaniyada 2016 iyunida bo‘lib o‘tgandi va uning natijalariga ko‘ra 52 foiz aholi Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishga, 48 foizi unda qolish uchun ovoz bergan.

Brexit tartiboti bo‘yicha muzokaralar jarayoni rejalashtirilgandan ancha uzoq davom etgan. Referendum o‘tkazilgandan Brexit amalga oshirilgunga qadar Britaniyada uch bosh vazir almashishga ulgurgan: Yevropa Ittifoqidan chiqishga qarshi chiqqan va referendumdan keyinoq iste'foga chiqqan Devid Kemeron, Yevropa Ittifoqi bilan taklif qilgan kelishuvi Britaniya parlamenti tomonidan bir necha marta rad etilgan Tereza Mey va “Brekzit”ni oxirigacha yetkazib qo‘yishni va'da qilgan va bunga muvaffaq bo‘lgan Boris Jonson. 

2019 yil dekabrda aynan Jonson tashabbusi bilan Britaniyada muddatdan avval parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va uning natijalariga ko‘ra parlamentda uning tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qildi. Aynan shu parlament nihoyat Brexit bo‘yicha kelishuvni ma'qulladi. So‘ngra uni Britaniya qirolichasi Yelizaveta II imzoladi, 29 yanvarda esa Yevropa Ittifoqi parlamenti ratifikatsiya qildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top