18:00 / 02.02.2020
4
42367
Samarqandda yuqori bosimli magistral gaz quvurida yong‘in kelib chiqdi (video)

Samarqand viloyatining Narpay tumani hududidan o‘tgan va 1959 yilda ishga tushirilgan, «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli «Jarqoq – Buxoro – Samarqand – Toshkent» magistral gaz quvurida yong‘in kelib chiqdi.

KUN.UZ muxbirlari M41 yo‘lidan o‘tayotgan chog‘da avvaliga diametri 720 mm ekanligi aytiladigan gaz quvuridan kuchli ovozda gaz sizib chiqayotganiga guvoh bo‘lishgan. Keyin yong‘in ro‘y bergan.

Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan, ushbu birinchi toifali magistral gaz quvurining muhofaza zonasi gaz quvuri o‘qidan har ikki tarafga 200 metr etib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati hodisa yuzasidan izoh berdi.

«Samarqand viloyati Narpay tumani Mirbozor shaharchasi yaqinidagi Zirabuloq magistral gaz quvurida bugun 2 fevral kuni soat 16:45larda BGR-TBA Magistral gaz quvurlari 1-4 tarmoqlarining gaz quvuri yorilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan. Avariya natijasida jarohatlanganlar va qurbonlar yo‘q.

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining Zirabuloq magistral gaz quvurlari boshqarmasi  va Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus ishchi guruhlarining tezkor harakatlari natijasida soat 17:15da yong‘in bartaraf etildi.

BGR-TBA Magistral gaz quvurlarining 2-3 tarmoqlari orqali gaz transport tizimi uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda Zirabuloq, G‘allaorol, Muborak va Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmalarining maxsus ta'mirlash brigadalari talafotni bartaraf etish maqsadida voqea joyida ish olib bormoqda, qisqa muddatlarda magistral gaz quvurlari qayta ishga tushiriladi va barqaror ishlashi ta'minlanadi.

Yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top