08:39 / 07.02.2020
1
15775
Toshkent viloyatida «GAI»ning soxta xodimi qo‘lga tushdi

Chinoz tumanida fonardan yasalgan “bodi-kamera”, yelim ko‘krak nishoni va qalbaki guvohnoma bilan “xizmat olib borayotgan” soxta “GAI” xodimi qo‘lga olindi

Foto: Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati

Joriy yilning 6 fevral kuni M-39 “Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lida xizmat olib borayotgan Toshkent viloyati IIBB YHXB inspektorlari, safdor Bekjon Yerejyepov va serjant Mansur Normatovlar ushbu yo‘lda harakatlanib kelayotgan “Kamaz” yuk mashinasini ko‘rikdan o‘tkazish uchun to‘xtatadi.

Haydovchi inspektorlarga chamasi 900 metrlar oralig‘ida bir “GAI” xodimi uni to‘xtatib hujjatlarini tekshirganligini, ammo uning bodi kamerasi odatdagidan boshqacharoq ekanligini ma'lum qiladi.

YPX inspektorlari zudlik bilan aytilgan joyga yetib borib, u yerda Nexia rusumli avtomobilda o‘tirgan “xodim”ni ko‘rishadi. Undan kimligini so‘rashganida, u voqea joyidan qochib ketmoqchi bo‘ladi. Xodimlar uni qo‘lga olib, Chinoz tuman IIBga olib borishadi. Shundan so‘ng, IIB tezkor xodimlari xolislar ishtirokida uning boshqaruvida bo‘lgan avtomashina salonini ko‘zdan kechirishganida, u yerdan 24 dona bir xil seriya va raqamli ma'muriy bayonnomalar, Farg‘ona viloyati IIB tomonidan berilgan xizmat guvohnomasining rangli nusxasi va uning egnidagi kiyimiga o‘rnatilgan, “Diqqat” yozuvi tushirilgan qalbaki bodi-kamera va yelimdan eritib yasalgan YPX inspektorining ko‘krak nishoni hamda jyezl ashyoviy dalil sifatida olingan.

-Muqaddam ichki ishlar organida ishlaganman, 2016 yilda o‘z ixtiyorim bilan bo‘shaganman, - deydi siri fosh bo‘lgan soxta “GAI” xodimi A.R. - Ko‘krak nishoni va bodi kamerani o‘zim qo‘lbola usulda yasagan edim. Xato qildim, bu ishimdan pushaymonman. Hozirda Chinoz tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

A.R. 2018 yilning yanvar oyida ichki ishlar organi xodimining kiyimini kiyib, qo‘lbola usulda yasalgan ko‘krak nishonini taqib Sergeli tumani hududida soxta “GAI”lik bilan shug‘ullanayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.

Unga nisbatan JKning 227 va 228-moddalari 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlik yuzasidan ayblov e'lon qilinib, sud qarori bilan axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan edi.

“Hurmatli fuqarolar! Agar kimda-kim ushbu shaxsni tanisa va uning noqonuniy harakatlaridan jabr chekkan bo‘lsa Toshkent viloyati IIBBga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, - deyiladi viloyat IIBB xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top