10:31 / 09.02.2020
0
7668
Qo‘shko‘pirda «Damas» va «Moskvich» to‘qnashishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi

8 fevral kuni soat 00:20larda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, «Damas» rusumli transport vositasi haydovchisi, 1957 yilda tug‘ilgan A.Ya. boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘parasidan kelayotgan Xiva tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan, Sh.M. boshqaruvidagi «Moskvich-412» rusumli avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etgan.

YTH oqibatida «Damas» haydovchisi voqea joyida vafot etgan, «Moskvich» yo‘lovchisi, Xiva tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan F.N. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. 

«Hurmatli harakat ishtirokchilari, yo‘llarda harakatlanayotganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilib, belgilangan tezlik talablari, yo‘l belgilari va svetofor ishoralariga rioya qilishlaringizni so‘rab qolamiz. Shundagina ko‘zlagan manzilingizga, oilangiz bag‘riga eson-omon yetib olasiz», deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top