07:40 / 12.02.2020
0
26097

AQSh kontrrazvedkasining ikki yillik strategiyasi: Xitoy va Rossiya asosiy tahdidlar qatoriga qo‘shildi

Moskva va Pekin zamonaviy razvedka imkoniyatlariga ega va Vashingtonga qarshi «milliy qudratining barcha vositalaridan foydalanmoqda», deyiladi mahkamaning 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida

Foto: REUTERS

AQShning Kontrrazvedka va xavfsizlik bo‘yicha milliy markazi 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan strategiyani taqdim etdi. Hujjatda hozirgi vaziyatni mahkama nuqtai nazaridan tavsiflaydigan uchta band keltirilgan.

Birinchi bandda Qo‘shma Shtatlarga qarshi kayfiyatda bo‘lgan o‘yinchilar soni o‘sib borayotgani haqida aytiladi. Bildirilishicha, Rossiya va Xitoy «butun dunyo bo‘ylab harakat qilmoqda, AQShga qarshi milliy kuchlarning barcha vositalaridan foydalanmoqda va zamonaviy razvedkaning keng ko‘lamli imkoniyatlariga ega». Boshqa tahdidlar orasida Kuba, Eron, KXDR, «Hizbulloh» harakati, IShID va «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotlari, transmilliy jinoiy va «mafkuraviy asoslangan» tashkilotlar, shuningdek, maxfiy ma'lumot hamda intellektual mulkni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi xorijiy fuqarolar qayd etilgan.

Bu o‘yinchilar Qo‘shma Shtatlarga qarshi razvedka imkoniyatlaridan foydalanmoqda, deyiladi ikkinchi bandda. Ular orasida - biometrik qurilmalar, ilg‘or kuzatuv uskunalari va shifrlashning ilg‘or mexanizmlari. Uchinchi bandga ko‘ra, xorijiy razvedka organlari ulardan AQSh vazirliklari, agentliklari, laboratoriyalari, moliya sektori, sanoat va ilmiy muassasalariga kirish maqsadida foydalanyapti.

Shu munosabat bilan mahkama kelgusi uch yil ichida beshta vazifaga e'tibor qaratmoqchi: muhim infratuzilmani himoya qilish, asosiy ta'minot zanjirlariga tahdidlar sonini kamaytirish, Amerika iqtisodiyotining ekspluatatsiyasiga qarshi kurash, AQSh demokratiyasini tashqi ta'sirdan himoya qilish va tashqi razvedka tomonidan kiber hamda texnik operatsiyalarga qarshi kurash.

Avvalroq, Oq uy 2021 moliya yili uchun budjet loyihasini e'lon qilgandi, unda Rossiya va Xitoy AQShga chaqiriq bilan chiquvchi raqib davlatlar deb atalgan. Unda aytilishicha, prezident ma'muriyati «AQSh ittifoqchilarini kuchaytirish orqali» Rossiya ta'siriga qarshi turish uchun 700 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratishni taklif qilmoqda.

Mablag‘lar ittifoqchilarning hududiy yaxlitligini himoya qilish, sherik davlatlarning Rossiya harbiy texnikasidan foydalanishni to‘xtatishga qaratilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, «Rossiya foydalanishga urinayotgan makroiqtisodiy muhitdagi zaif joylarni yo‘q qilish - energetika hamda savdoga bog‘liq». Yana 24 million dollarni «Rossiya targ‘iboti va noto‘g‘ri ma'lumotlariga qarshi kurashish uchun» Global hamkorlik markaziga yo‘naltirish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti ma'muriyati Hindixitoy mintaqasini «Xitoyning dushmanlik kayfiyatidagi ta'siridan» himoyalash maqsadida 1,5 milliard dollar yo‘naltirishni taklif etgan. Global hamkorlik markaziga XXR tomonidan targ‘ibotga qarshi turish uchun 30 million dollar ajratilishi mumkin.

Oldinroq, AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi e'lon qilingani, Vashington mintaqaga 9 mlrd dollarlik yordam ajratishi xabar berilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top