13:12 / 13.02.2020
0
58821
Vazir o‘rinbosari Toshkent viloyatida IIV tizimidagi bir necha rahbarni ishdan oldi

Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi ishchi guruh tekshiruvi yakuniga ko‘ra Toshkent viloyatida bir necha rahbarlar, jumladan, Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i, Yangiyo‘l tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i hamda tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Yangiyo‘l shahri IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

1-10 fevral kunlari Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining tezkor xizmati faoliyati o‘rganildi. Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga muvofiq, o‘rganishlar viloyatning 22ta shahar-tuman ichki ishlar organlari boshqarmalari, bo‘lim va bo‘linmalarida olib borildi.

Toshkent viloyati IIBB

«O‘rganishlar davomida sayyor qabullar va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Aholi xonadonlariga kirilib, fuqarolarning yashash sharoitlari, ularni qiynayotgan muammolar bilan yaqindan tanishildi, muammolarni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. Kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Yana bir e'tiborli jihati, polkovnik Aziz Toshpo‘latov Qibray tumanida joylashgan IIV 2-sonli akademik litseyida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda yoshlarining takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi», deyiladi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan xabarda.

Toshkent viloyati IIBB

Tadbir davomida o‘quvchilarga kompyuter va kitob jamlanmalari topshirilib, zamonaviy tipda quriladigan litseyning yangi binosining ramziy tamal toshi qo‘yilgan.

Toshkent viloyati IIBB

11 fevral kuni viloyat hokimligi majlislar zalida Aziz Toshpo‘latov hamda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov boshchiligida o‘rganishlar yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda viloyatdagi joriy kriminogen vaziyat, uning barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ruhda tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar qizg‘in muhokama etilgan.

Toshkent viloyati IIBB

«Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha joriy etilgan yangi boshqaruv tizimi asosida huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yili jinoyatlar soni 6,8 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 9,1 foizga kamaydi. Shuningdek, viloyatdagi mahallalarning 37,2 foizida jinoyatlar sodir etilmadi.

Bu yaxshi, albatta. Lekin mazkur raqamlar xotirjamlikka berilishga asos bo‘la olmaydi. Ayniqsa, joriy yilning yanvar oyida viloyatdagi kriminogen vaziyat izidan chiqib ketdi. Viloyatda hokimlik, huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik vakillarining oldida jinoyatchilikni jilovlash borasida bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar turibdi», degan vazirning birinchi o‘rinbosari.

Yig‘ilishda har bir shahar-tuman va mahalla bo‘yicha tanqidiy tahlil asosida alohida «Yo‘l xarita»lari ishlab chiqilib, ijroga qaratilishi lozimligi uqtirilib, jamoatchilik nazorati maskanlari qayta taftishdan o‘tkazilib, ularda samarali xizmatni tashkil etish bo‘yicha yaxlit tizim yaratilishi kabi aniq topshiriqlar belgilab berildi.

Shuningdek, har bir shahar-tuman, mahalla kesimi bo‘yicha hamkorlikdagi mas'ul tashkilotlarning bu borada amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar sarhisobi tinglanib, faoliyatlari bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqarildi.

Toshkent viloyati IIBB

«Jumladan, Yangiyo‘l tumanida 2019 yil davomida va 2020 yil yanvar oyida sodir etilgan jinoyatlar soni oshib ketgani va xizmat faoliyatida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Yangiyo‘l tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i hamda tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, xizmat faoliyatida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Yangiyo‘l shahar IIB boshlig‘i, Chirchiq shahar IIB tayanch punktlarining 2 nafar profilaktika inspektori egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ohangaron shahar ichki ishlar organlarining 2 nafar profilaktika inspektori unvonini bir pog‘ona pasaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Viloyat hududida kriminogen vaziyat barqarorligini ta'minlash borasida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbarining ichki ishlar organlari faoliyatiga doir qaror va farmonlari ijrosini ta'minlash, viloyatda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida aniq vazifalar belgilab olingan.

Ma'lumot uchun, Yangiyo‘l shahar IIB boshlig‘i lavozimida 2019 yilning avgustidan buyon podpolkovnik Sherzod Toshturdiyevich Mamanov ishlab kelayotgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top