09:51 / 14.02.2020
2
3462
Neft-gaz korxonalarining moliyaviy barqarorligi tabiiy gaz uchun yangi tarif rejasini o‘rnatishga bog‘liq ekani ma'lum qilindi

Jahon banki vakillari bilan O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘ztransgaz

Joriy yilning 3-13 fevral kunlari Jahon bankining energetika sohasi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Husam Beydes boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi.

Tashrifining maqsadi – O‘zbekistonning gaz sektoridagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini va ish rejasini ishlab chiqishda texnik yordam ko‘rsatish, tabiiy gaz uchun tariflarni tartibga solish va gaz sohasida nazorat va ma'lumotlarni yig‘ishning (SCADA) dastlabki konsepsiyasini ishlab chiqishni va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (MSFO) o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Uchrashuv davomida tomonlar Respublikada tabiiy gaz va uni transport qilishda tarif siyosatini xorijda sinalgan ilg‘or hisoblash usullarini joriy etgan holda isloh qilish masalalari bo‘yicha ham so‘z yuritildi. Neft va gaz korxonalarining moliyaviy barqarorlikka erishishi tabiiy gaz uchun belgilanadigan yangi tarif rejasini o‘rnatishga bog‘liq ekanligi ta'kidlandi”, - deyiladi “O‘ztransgaz” matbuot xizmati xabarida.

Bildirilishicha, tashrif davomida Jahon banki mutaxassislari ishchi aloqalarini o‘rnatish va ma'lumot to‘plash maqsadida hukumat idoralari, xususan, “O‘ztransgaz” va strategik konsalting firmalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Dastlabki missiya yakunlariga ko‘ra, maslahatchilar qisqacha hisobot tayyorlaydilar. Unda aniqlangan natijalar, ish dasturiga kiritiladigan o‘zgartirishlar bo‘yicha tavsiyalar va topshiriq ijrosi davomida to‘siqlar haqidagi ma'lumotlar umumlashtiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top