19:00 / 19.02.2020
0
67041
Umra uchun viza narxi 7 barobarga arzonlashdimi?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyorati uchun viza to‘lovi 7 barobarga kamaytirilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: AP

Bu asossiz yangilik nafaqat Telegram-kanallarda, balki xorijdagi bir nechta yangilik saytlarida ham berildi.

Tarmoqning o‘zbek segmentida tarqalgan xabarda shunday deyiladi:

«Saudiya Arabistoni ziyoratchilarning litsenziyasi narxini yetti baravar arzonlashtirganini e'lon qildi. Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri o‘rinbosari Abdulfattoh Masxat Saudiya Arabistoni rasmiylarining Umra litsenziyasining narxini 2000 riyoldan (530 dollar) 300 riyolgacha (75 dollar) kamaytirish haqidagi qarorini e'lon qildi».

Bu xabar anglashilmovchilik va ma'lumotni tekshirmasdan e'lon qilish ortidan tarqalib ketgan.

«Yangilik»ning o‘zbek tilida tarqalgan va xorijdagi bir nechta saytlarda berilgan varianti bir-biriga o‘xshash bo‘lib, ularning barchasi bir manbaga borib taqaladi. Bu manba – arab olamidagi eng nufuzli gazetalardan bo‘lmish «Asharq Al-Awsat» saytida 12 fevral kuni berilgan quyidagi xabardir.

«Haj va Umra vaziri o‘rinbosari Abdulfattoh Masxat takroriy ziyoratga kelayotganlar uchun [doimiy stavkadan yuqori] viza to‘lovi bekor qilinishiga oid qarorga izoh berar ekan, buni «oqilona qaror» deb ta'rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror – Podshohlikning Makka va Madina shaharlariga dunyoning barcha nuqtalaridan musulmonlarning kelishini osonlashtirishga intilishini ko‘rsatadi.

Qarorga binoan, ziyorat ruxsatnomasi narxi 300 riyol (75 dollar) etib belgilandi. Taqqoslash uchun, o‘tmishda bu narx 2000 riyol (530 dollar) bo‘lgan», – deyiladi xabarda.

Bunda nazarda tutilayotgan qaror 2019 yil sentabr oyida qabul qilingan bo‘lib, unga asosan Haj va Umraga qaytadan borganlik uchun to‘lanadigan boj 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilingan.

Bunga qadar ushbu boj qiymati 2000 riyol (530 dollar atrofida) bo‘lgan. Ya'ni Haj yoki Umraga ikkinchi, uchinchi va hokazo marotaba borayotganlar viza uchun ana shuncha to‘lashlari kerak edi. Bu tartib va narx 2016 yil sentyabridan beri amal qilib kelayotgandi.

Endilikda muqaddas amallarni ado etish uchun Saudiya Arabistoniga borayotgan fuqarolar bu ziyorat ular uchun nechanchisi ekanidan qat'i nazar bir xil – 300 riyol (80 dollar) boj to‘laydi.

Demak, yuqoridagi gazeta ma'lumotida xatolik yo‘q, tushunmovchilik yangilikni tarqatganlar unda nima haqida gap ketayotganini to‘la tushunib olishmagani bilan bog‘liq.

Haj va Umraga takroran borayotganlar uchun viza to‘lovi haqiqatan ham 6,5 barobarga arzonlashgan bo‘lsa-da, birinchidan, ilk marta borayotganlar uchun bojlar qimmatlashib, 300 riyol deb belgilandi; ikkinchidan, yangi majburiy to‘lovlar kiritildi:

1. 2019 yil 4 sentyabrdan boshlab, Haj va Umra vazirligining elektron portali xizmati uchun 99,18 riyol (26 dollar) to‘lov ham belgilab qo‘yildi.

2. 2020 yil 1 yanvardan esa ziyoratchilarni 189 riyol (50 dollar) evaziga majburiy tibbiy sug‘urtalash tartibi amal qila boshladi.

Qayd etish kerak, yuqoridagi uchala to‘lov ham (viza uchun $80, elektron portalga $26, tibbiy sug‘urta uchun $50) – barcha davlatlar fuqarolari uchun majburiy etib belgilangan.

Ma'lumot uchun, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda Umra ziyorati narxi taxminan 13 million so‘mni tashkil etmoqda.

Kun.uz suhbatlashgan O‘zbekistondagi turfirmalar rahbarlari, agar ularga ruxsat berilsa, Umra ziyorati uchun 1100 dollar narx taklif eta olishlarini aytgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top