Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 3 fevral kuni 2020 yil uchun umra ziyorati narxi 13 mln. 20 ming so‘m etib belgilanganini xabar qildi. Bungacha ziyoratchilar uchun umraga borib kelish 12 mln 500 ming so‘mga tushayotgan edi. Narx oshishi 2020 yil 1 yanvardan Saudiyaga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50 dollar) davlat boji joriy qilingani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Haj va umra masalalari bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashining telegram kanalida keltirilishicha, ushbu qo‘shimcha to‘lov umra va haj vizalari uchun amalda bo‘ladi.

Biroq Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan xususiy turfirmalar vakillarining aytishicha, belgilangan narxni ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlarga qarab 11 milliondan 8 milliongacha tushirish mumkin. Buning uchun xususiy turizm sub'yektlarining umra ziyoratini tashkillashtirishlariga qo‘yilgan sun'iy to‘siqlar olib tashlansa kifoya. Ular ayni paytda ushbu yo‘nalishda raqobat yo‘qligi sababli ham hozir narxlar qo‘shni mamlakatlardagi bilan solishtirganda nisbatan qimmat ekanini ta'kidlashmoqda.

«Vast Travel» MChJ direktori Mansurjon Rasuljonov bu muammolar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

«Aslida umra ziyorati bilan shug‘ullanishimiz uchun qonunan hech qanday taqiq yo‘q. Turizm faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyamiz bor. O‘zbekistondan tashqari barcha mamlakatlarda haj va umra ziyoratini tashkillashtirish bilan turoperatorlar shug‘ullanishadi. Ammo faqat bizda emas. Ziyoratchilarni umra safariga olib borishimiz uchun viza rasmiylashtirishimiz kerak. Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi viza so‘rab borgan har qanday turfirmaga rad javobi beryapti», deydi u.

«Luxe Tour» xususiy sayyohlik firmasi rahbari Alixon Hamidov chetdan qaraganda jarayon silliqligi, turfirmalarning umra ziyoratini tashkillashtirishi uchun qonunan hech qanday taqiq yo‘qday ko‘rinishi, ammo turoperatorlar umra vizasini olish uchun elchixonaga va Toshkent-Jidda yo‘nalishida joriy etilgan muntazam aviaqatnovlardan foydalanish uchun «Uzbekistan Airways» milliy aviakompaniyasiga murojaat qilinganda taqiqlar mavjudligini sezishlari haqida aytib o‘tdi.