19:48 / 21.02.2020
1
57445
Oq uyga kimlar egalik qilgan? AQSh tarixidagi prezidentlar haqida qiziq ma'lumotlar

AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda «Happy President’s Day» deb yozganiga ko‘zingiz tushgandir. Ha, AQShda shunday bayram bor. Fevral oyining uchinchi dushanbasi mamlakatda prezidentlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu bayram bugun dunyoning eng qudratli davlatiga aylangan AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga shunday kunda nishonlanadi. U 1732 yil 22 fevral kuni tug‘ilgan. Shu munosabat bilan AQSh prezidentlari haqida qiziqarli ma'lumotlarni eslaymiz.

Foto: Getty Images

Amerika Qo‘shma Shtatlarida davlat rahbari prezident hisoblanadi. Uning asosiy vazifalari ichki va tashqi siyosatni yuritish, budjet taqsimotini shakllantirish, mamlakat Konstitutsiyasi va amaldagi qonunchilikning ishlashini nazorat qilishdan iborat.

AQShda prezidentlik lavozimi 1787 yilda Konstitutsiyaga binoan joriy qilingan. Ilk prezident Jorj Vashington 1789 yil saylangan va 1790 yil aprelda qasamyod qabul qilib mamlakatni boshqarishga kirishgan.

FOTO STATE-USA.RU

O‘shandan buyon AQShga 44 nafar prezident rahbarlik qildi. 2017 yildan bu vazifada AQShning 45-prezidenti Donald Tramp ishlab kelmoqda. Joriy yil noyabr oyida AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

AQSh qonunlariga ko‘ra bu mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘yadigan shaxslar:

  • 35 yoshdan katta;
  • AQShda tug‘ilgan;
  • prezidentlikka nomzodini qo‘yguncha 14 yil AQShda doimiy yashagan bo‘lishi lozim;
  • bir fuqaro faqat ikki marta prezident bo‘lishi mumkin (ketma-ket yoki tanaffus bilan, farqi yo‘q).

AQSh tarixida faqat bitta prezident Franklin Ruzvelt (32-prezident) ketma-ket to‘rtta saylovda ishtirok etib g‘alaba qozongan.

Shundan so‘ng bir kishi faqat ikki muddatga saylanishi mumkinligi 1951 yilda (prezident Harri Trumen vaqtida) AQSh konstitutsiyasida ham belgilab qo‘yildi.

AQShda prezidentlik saylovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda umumiy saylov o‘tkazilib, har bir shtatda vakillar aniqlanadi. Ikkinchi bosqichda birinchi bosqichda aniqlab olingan vakillar prezidentni saylashadi.

AQSh tarixida eng qisqa prezidentlik qilgan shaxs Uilyam Harrison (9-prezident) hisoblanadi. U bor-yo‘g‘i bir oy, 1841 yil 4 martdan 4 aprelgacha prezidentlik qilgan. Harrisonning inauguratsiya kuni havo juda sovuq bo‘ladi. Marosimdan so‘ng prezident shamollab yotib qoladi va bir oydan so‘ng 1841 yil 4 aprelda pnevmoniyadan vafot etadi.

AQSh prezidentlari orasida ikki muddat prezidentlik qilib, bu lavozimga ketma-ket saylanmagan yagona davlat rahbari Grover Klivlend (24-prezident) hisoblanadi. U 1885-1889 va 1893-1897 yillarda bir muddat oralatib prezident bo‘lgan.

Eng yosh prezident Teodor Ruzvelt (26-prezident) bo‘lib u 42 yoshida Oq uy rahbariga aylanadi. Ammo u saylovsiz prezident bo‘ladi. Chunki undan oldingi rahbar Uilyam Mak-Kinli 1901 yilda o‘ldiriladi. O‘sha vaqtda vitse-prezident lavozimida bo‘lgan Ruzvelt o‘z-o‘zidan davlat rahbariga aylanadi.

Saylov yo‘li bilan saylangan eng yosh prezident – Jon Kennedi (35-prezident). U qasamyod qilganida 43 yoshda edi.

FOTO ASSASSIN'S CREED WIKI

Eng yoshi keksa prezident Ronald Reygan (40-prezident) bo‘lgan. U AQShning 40-prezidenti sifatida qasamyod qilganida 69 yoshda edi. Ikkinchi muddatga saylanganida esa 73 yoshda bo‘lgan. Mamlakatning amaldagi rahbari Donald Tramp ham 69 yoshda prezident etib saylandi.

AQShning 20-prezidenti Jyeyms Garfild har ikki qo‘lida birday yoza olgan. Shuningdek, u poliglot (beshtadan ko‘p tilni va o‘sha tillarda o‘qish-yozishni biladiganlar shunday ataladi) siyosatchi edi. Uning yana bir qobiliyati shunda ediki, parallel tarzda bir qo‘lida eski grek alifbosida, yana bir qo‘lida lotin alifbosida yoza olgan.

Prezident Endryu Jonson (17-prezident) hatto maktabda ham o‘qimagan. U keyinchalik rafiqasi yordamida xat-savod chiqargan.

AQSh prezidentlari orasida eng bo‘yi baland prezident Avraam Linkoln (16-prezident) bo‘lgan - 193 santimetr.

FOTO MIXMOVIE.RU

Eng bo‘yi past prezident esa 164 santimetrli Jyeyms Medison (4-prezident) bo‘lgan. Medisonning og‘irligi ham atigi 45 kilogramm bo‘lgan. Mamlakat tarixidagi eng og‘ir vaznli prezident Uilyam Taft (27-prezident) bo‘lib, u 135 kilogramm tosh bosgan.

Teodor Ruzvelt (26-prezident) prezidentlik muddatida AQShning barcha 48ta shtatini aylanib chiqqan. (O‘sha paytda AQShda 48ta shtat bo‘lgan, keyinchalik Alyaska va Havayi orollari 1959 yilda shtat maqomini olgan). Shuningdek, Teodor Ruzvelt AQSh prezidentlari orasida samolyotda uchgan ilk prezident hisoblanadi.

AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib SSSRga Franklin Ruzvelt tashrif buyurgan. U 1945 yilda Yalta konferensiyasida qatnashgandi.

Richard Nikson (37-prezident) AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib ham SSSR, ham Xitoyga boradi.

Jimmi Karter (39-prezident) bir necha romanlari chop etilgan yagona prezidentdir.

Xorijiy davlatlarga tashrif buyurish bo‘yicha Bill Klintonning (42-prezident) oldiga tushadigani yo‘q. U dunyoning 133ta mamlakatiga tashrif buyurgan.

AQSh prezidentlari orasida eng bolajon prezident Jon Tayler (10-prezident). Uning birinchi turmushidan 8 nafar, ikkinchi turmushidan 7 nafar farzandi bo‘lgan. 15-farzandi tug‘ilganda uning yoshi 70da bo‘ladi.

AQSh prezidentlari orasidagi yagona bo‘ydoq prezident Jyeyms Byukenen (15-prezident) bo‘lgan.

Grover Klivlend (24-prezident) AQSh rahbarlari orasida o‘z nikoh to‘yini Oq uyda o‘tkazgan yagona prezident.

AQSh prezidentlari orasida eng boyi Jorj Vashington (1-prezident) va Jon Kennedi (35-prezident) bo‘lgan.

Prezident bo‘lganida Vashingtonning ko‘plab plantatsiyalari, ko‘chmas mulklari va boyliklarining qiymati jami 900 million dollarga teng bo‘lgan.

Jon Kennedi prezident bo‘lganida unga ota-onasidan qolgan 850 million dollarlik mulk va pullar meros bor edi.

Mamlakatning amaldagi rahbari Donald Tramp prezidentlikka saylanganida uning hisobida 3,1 milliard dollar pul bor edi, ammo Kennedi va Vashington vaqtidagi hamda hozirgi dollar qiymatida mavjud bo‘lgan farq sabab Tramp eng boy prezident bo‘la olmaydi. Agar bu yil prezidentlik saylovlarida Maykl Blumberg g‘alaba qozonsa, bu borada u birinchilikni band etadi. Dunyoning eng boy to‘qqizinchi odami hisoblangan Blumbergning boyligi 55,5 milliard dollarga baholangan.

AQSh tarixidagi eng kambag‘al prezident Endryu Jonson (17-prezident) bo‘lgan, u faqat prezidentlik uchun belgilangan maosh hisobiga tirikchilik qilgan. Ammo aynan uning davrida Rosssiyadan 7,2 million dollarga Alyaska sotib olinadi.

Barak Husayn Obama – AQSh prezidenti bo‘lgan birinchi afro-amerikalik. Shuningdek, u AQShning materikdagi qismida tug‘ilmagan ilk prezident hisoblanadi. Obama Havay orollarida dunyoga kelgan.

Martin Van Byuren (8-prezident) AQSh fuqarosi hisoblangan ilk prezident edi. Ungacha o‘tgan yetti nafar prezidentning barchasi Buyuk Britaniya fuqaroligi haqidagi hujjat bilan yurgan.

AQSh prezidentlari orasida eng ko‘p ism Jyeyms ismi bo‘lgan:

  • Jyeyms Medison (4-prezident);
  • Jyeyms Monro (5-prezident);
  • Jyeyms Polk (11-prezident);
  • Jyeyms Byukenen (15-prezident);
  • Jyeyms Garfild (20-prezident);
  • Jyeyms (Jimmi) Karter (39-prezident).

Duayt Devid Eyzenxauer (34-prezident) AQSh prezidentlari orasida birinchi va ikkinchi jahon urushida harbiy sifatida qatnashgan yagona rahbar hisoblanadi.

Uilyam Harrison AQSh prezidentlari orasida o‘z inauguratsiya marosimida eng uzun nutq so‘zlagan prezidentdir. Uning nutqi 8 495ta so‘zdan iborat bo‘lgan.

Jyerald Ford (38-prezident) AQSh prezidentlari orasida saylanmasdan prezident va vitse-prezident bo‘lgan yagona shaxs hisoblanadi. U Spiro Egnyu iste'foga chiqqach vitse-prezident, Richard Nikson (37-prezident) iste'foga chiqqanidan so‘ng esa prezident bo‘lgan.

AQSh prezidentlari orasida eng uzun ism-sharif katta Bushga tegishli. Uning to‘liq ism-sharifi Jorj Gerbert Uoker Bush (41-prezident).

Tomas Jyefferson (3-prezident) inauguratsiyasi Vashingtonda o‘tkazilgan birinchi prezident hisoblanadi. Ungacha AQShning birinchi va ikkinchi prezidentlari inauguratsiyasi Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan.

AQShning biror prezidenti o‘z oilasida yolg‘iz farzand bo‘lmagan.

AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident davlatga xiyonat, korrupsiya, turli og‘ir jinoyatlar va boshqa xatti-harakatlar sodir etganda, impichment orqali iste'foga chiqariladi. AQSh tarixida uch prezident, 1868 yil Endryu Jonson, 1999 yilda Bill Klinton va 2019 yil Donald Trampga nisbatan impichment e'lon qilingan. Bu prezidentlar Senatda oqlangan. Ya'ni, quyi palata impichment e'lon qilganiga qaramay, yuqori palata (senat) impichmentga qarshi ovoz bergan. 1974 yilda Richard Niksonga ham impichment xavf solganda u surishtiruvlar boshlanmasidan avval iste'fo beradi. Xullas, AQSh tarixidagi hech bir prezident impichment sabab ishdan ketmagan.

Richard Nikson (37-prezident) o‘z prezidentlik davrida AQShdagi barcha 50ta shtatni aylanib chiqqan ilk prezident hisoblanadi.

FOTO KP.RU

AQSh tarixida ikki prezident, Jorj Vashington (1-prezident) va Jon Tayler (10-prezident) partiyasiz bo‘lgan. Vashington avvalboshdanoq partiyasiz edi, Tayler esa viglar partiyasi a'zosi bo‘lgan. U prezident bo‘lganidan so‘ng «partiya manfaatlariga zid harakat qilganlikda» ayblanib partiya safidan chiqariladi. Shu tariqa, Tayler partiyasiz prezidentga aylanadi.

1926 yildan AQSh dollariga prezidentlar surati tushirila boshlangan.

AQSh dollaridagi prezidentlar:

  • 1 dollarlik banknotda 1-prezident Jorj Vashington;
  • 2 dollarlik banknotda 3-prezident Tomas Jyefferson;
  • 5 dollarlik banknotda 16-prezident Avraam Linkoln;
  • 20 dollarlik banknotda 7-prezident Endryu Jyekson;
  • 50 dollarlik banknotda 18-prezident Uliss Grant;
  • 500 dollarlik banknotda 25-prezident Uilyam Mak-Kinli;
  • 1000 dollarlik banknotda 22-prezident Grover Klivlend;
  • 5 000 dollarlik banknotda 4-prezident Jyeyms Medison;
  • 100 000 dollarlik banknotda 28-prezident Vudro Vilson surati tushirilgan.

Dunyoda eng ko‘p tarqalgan va eng ommabop hisoblanadigan 100 dollarlik banknotda siyosatchi Benjamin Franklin surati tushirilgan. U AQSh prezidenti bo‘lmagan.

Agar, AQSh prezidentlarining qaysi shtatdan chiqqaniga e'tibor qaratsak:

  • Ohayo shtatidan 7;
  • Nyu-York shtatidan 6;
  • Virjiniya shtatidan 5;
  • Massachusets shtatidan 4;
  • Texas, Tennesi, Kaliforniya shtatlaridan 3 nafardan;
  • Qolgan bir bir necha shtatlardan ikki va bir nafardan prezident chiqqan.

AQSh prezidentlariga turli davrlarda bir necha bor suiqasdlar uyushtirilgan. Suiqasdlar natijasida:

  • Avraam Linkoln 1865 yilda; 
  • Jyeyms Garfild 1881 yilda;
  • Uilyam Mak-Kinli 1901 yilda;
  • Jon Kennedi 1963 yilda o‘ldirilgan.

AQShning to‘rtta prezidenti:

  • Uilyam Harrison 1841 yilda;
  • Zakari Teylor 1850 yilda;
  • Uorren Garding 1923 yilda,
  • Franklin Ruzvelt 1945 yilda prezidentlik chog‘ida vafot etgan. 1981 yilda Ronald Reyganga ham suiqasd qilingan, ammo u tirik qolgan va ikki muddat, 1981-1984, 1984-1989 yillarda prezidentlik qilgan.

2020 yil fevral oyi holatiga ko‘ra bugun AQShning to‘rt nafar sobiq prezidenti hayot:

Foto: Politeka

39-prezident Jyeyms Karter, 1977-1981 yillarda prezident bo‘lgan;

42-prezident Bill Klinton, 1993-2001 yillarda prezident bo‘lgan;

43-prezident Jorj Bush (kichik), 2001-2009 yillarda prezident bo‘lgan;

44-prezident Barak Obama, 2009-2017 yillarda prezident bo‘lgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top