Jahon | 23:13 / 13.07.2023
9546
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uyda topilgan kokainning egasi aniqlanmadi 

Respublikachilar bu voqeadan foydalanib, siyosiy raqiblarini yana bir bor tanqid qilishdi. 

Foto: AP

Oq uyda kokain solingan paketcha topildi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta davom etgan surishtiruvdan so‘ng, AQSh razvedka idoralari giyohvandlik moddasini u yerda kim qoldirganini aniqlay olmadi. 

O‘tgan hafta Oq uy qabulxonasida topilgan paketchada barmoq izlari yoki DNK yo‘q edi. Kuzatuv kameralari ham gumonlanuvchini qayd etmagan. Ta’kidlanishicha, binoning bu qismi doimo gavjum bo‘ladi - Oq uy xodimlari va sayyohlik guruhlari tinimsiz kirib-chiqadi. 

«Ashyoviy dalilsiz tergovchilar kokain topilgan joydan o‘tgan yuzlab odamlar orasidan kerakli shaxsni ajratib ko‘rsata olmaydi», deyiladi maxfiy xizmatlar hisobotida. 

Oq kukunli paketcha topilgach, ehtiyot chorasi sifatida bino qisqa muddatga evakuatsiya qilindi. Mutaxassislar ushbu moddaning xavfli yoki yo‘qligini aniqlash uchun joyida sinovdan o‘tkazishdi. Ammo sinovlar shuni ko‘rsatdiki, kukun biologik xavf tug‘dirmaydi, balki kokainni o‘z ichiga oladi. 

Ayni paytda, Oq uyda kokain bilan sodir bo‘lgan voqea respublikachilarning ko‘plab tanqidlari va savollariga sabab bo‘lmoqda. Prezident matbuot xizmati Jo Bayden giyohvand moddalar Oq uyga qanday kelib qolganini aniqlashni «juda muhim» deb hisoblashini aytdi. O‘sha kuni Bayden ishda emas, dam olish kuni edi. Prezident oilasi bilan boshqa qarorgohda dam olayotgan edi. 

Mavzuga oid