21:35 / 21.02.2020
0
10184
Surxondaryo viloyati hokimining yangi o‘rinbosari tayinlandi

21 fevral kuni viloyat hokimi To‘ra Bobolov raisligida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari - viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosarlari tayinlandi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Abdisalom Pardayevich Xo‘jaqulov Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

A.Xo‘jaqulov 2019 yildan bugungi kungacha Surxondaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Mavluda Umarjonovna Qobulova viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U 2018 yildan buyon Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Faxriddin Valiyevich Mengliyev boshqarma boshlig‘ining xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Mengliyev 2019 yildan buyon Muzrabot tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishlab kelgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Orziqul Chorshanbiyevich Soatov boshqarma boshlig‘ining keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Soatov 2018 yildan buyon bugungi kungacha Surxondaryo viloyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni asosida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Vazirlikning joylardagi boshqarmalariga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatishdan iboratdir.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top