13:16 / 24.02.2020
0
9411
Tanqid foyda bermaganda: Namangan shahridagi Tez tibbiy yordam bo‘limiga hali ham joy topilmayapti

Kun.uz saytida Namangan shahridagi Tez tibbiy yordam shoxobchasidagi sharoitlar haqida berilgan tanqidiy maqoladan keyin shoxobcha xodimlari beshta muassasaga tarqatib yuborilgan va ularning sharoiti yanada og‘irlashgan.

Namangan shahridagi 2-kichik dahada faoliyat yuritayotgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali Tez tibbiy yordam kichik tuman shoxobchasidan takroriy murojaat keldi.

Saytda 2019 yilning 27 noyabr kuni berilgan tanqidiy materialda 150 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi, 120 nafar tibbiyot xodimi hamda 32 nafar haydovchi ish olib boryotgan mazkur muassasa binosi o‘ta ta'mirtalab, avtodahol holatga kelgani haqida material va videolavha e'lon qilingan edi.

Uch oy o‘tib yana arz qilgan tibbiyotchilar va haydovchilar o‘sha maqola chiqqanidan keyin Tez tibbiy yordam bo‘limi turli muassasalarga bo‘lib yuborilgani, yangi joylarda shart-sharoit yo‘qligidan qiynalib faoliyat yuritishayotganini aytishgan.

Namangan shahrida bo‘lib, qayta murojaat qilgan xodimlar bilan uchrashdik. 5-sonli oilaviy poliklinikada Tez tibbiy yordam bo‘limining 4ta brigadasi ish olib bormoqda. Poliklinikaning birinchi qavatida bo‘lim xodimlari uchun 5ta xona ajratilgan. Shifokorlar, feldsherlar, dorixona va haydovchilar dam olish uchun joylar – hammasi uchun mana shu beshta xona.

«O‘sha tanqidiy maqoladan so‘ng shoxobchamizni poliklinikalarga tarqatib yuborishdi. Ko‘rib turganingizdek, sanitariya holatlariga mos kelmaydigan sharoitda faoliyat yuritib kelyapmiz. Chaqiruvga borib kelganimizdan so‘ng hatto qo‘l yuvgani ham sharoit yo‘q. Koykalar oz. Erkak va ayol xodimlarimizga ikkita alohida xona ajratilgan. Haydovchilarga esa yo‘q. Ular uchun chaqiruvdan-chaqiruvgacha o‘tirib dam olishga ham xona ajratilmagan. Yo‘lakda kushetkalarda yotib hordiq chiqarishadi.

Ba'zida bitta karavotda ikki kishidan bo‘lib ham yotyapmiz. 8ta brigadamiz bor. Ular orasida erkak va ayollarning soni har-xil. Mana bugun ham 6 nafar feldsher navbatchilikda. Shundan ikkisi ayol kishi. Hozir uch kishiga joy bor. Boshqa poliklinkalarga borib turinglar, deyishadi. Masalan 8-oilaviy poliklinikaga. Lekin, u yerga birov borgisi kelmaydi. Chunki u joyning devorlari beton va xonalari juda sovuq», deydi oliy toifali feldsher Muhammadxon Azizov.

Shifokorlardan biri Abduolim Salohiddinov ham xonalar yetarli emasligini aytdi.

«Juda noliydigan sharoit deb bo‘lmaydi. Dori-darmon yetarli. Lekin, o‘z uyimiz bo‘lgani baribir yaxshi. Hozir xonalar issiq lekin, tok o‘chsa sovib ketadi», deydi vrach.

Oilaviy poliklinika tashqarisida turgan Tez tibbiy yordam avtoulovlari haydovchilari bilan ham suhbatlashdik.

«Eski joyimizdan chiqib ketganimizdan keyin haydovchilar uchun sharoitlar yomonlashdi. Chaqiruvdan qaytganimizdan so‘ng kirib biroz isingani xona bo‘lmaydi. Nima qilsa ham davlat xizmatida ishlaymiz. Yaxshi ishlash uchun shunga yarasha qulaylik ham bo‘lishi kerak. Majlislarda ko‘p bor aytishdi. Lekin, hech shart-sharoit o‘zgarmayapti», deydi haydovchilardan biri Nosirjon Xudoyberdiyev.

Ma'lum bo‘lishicha, 150 ming kishiga xizmat qiluvchi muassasada birgina dispetcher bor.

«Ratsiya yo‘q, uyali telefonda aloqa qilamiz. Buning oqibatida bemorlar oldiga kechikib borish holatlari yuzaga kelmoqda», deydi Muhammmadxon Azizov.

Muassasa bosh tibbiy og‘asi Bekmirza Mavlonov bilan shoxobchaning bir brigadasi faoliyat olib borayotgan 8-sonli oilaviy poliklinikaga bordik.

Tez tibbiy yordam guruhiga poliklinikaning asosiy binosi ortidagi binodan joy berilibdi. Ichkaridagi holatni ko‘rdik. Yotoq xonalari ham shu yerda ekan. Shifokor Abduqahhor Bannayev sharoitlardan nolimasligi, biroq muassasa uchun alohida bino kerakligi, Tez tibbiy yordam uchun va'da qilingan Nevrologiya bo‘limi binosi tezroq bitishini kutishga to‘g‘ri kelayotganini aytdi.

Shundan so‘ng Tez tibbiy yordam bo‘limining yana bir brigadasi faoliyat yuritayotgan 11-sonli oilaviy poliklinikaga bordik. Bu yerda tezkor guruhga ajratilgan xonaga poliklinikaning ro‘yxatga olish bo‘limi orqali o‘tilar ekan. Juda noqulay. Tungi navbatchilikda hujjatlarga to‘la xonani bosib o‘tish naqadar qiyinligini tasavvur qilish qiyin emas.

 Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida

O‘tgan safar sohaning yuqori turuvchi tashkilot vakillari bilan suhbatlashganimizda ular 1-shahar shifoxonasi binosida rekonstruksiya ishlari ketayotgani, qurilish ishlari yakunlanishi bilan shifoxona Nevrologiya bo‘limining 1-qavatidan 8-10ta xona Tez tibbiy yordam shoxobchasiga berilishini aytishgan edi. Lekin mazkur binoda qurilish-ta'mirlash ishlari hali yakunlanmagan.

Bu safar savollarimizga Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialining tez tibbiy yordam bo‘yicha o‘rinbosari Kamoliddin Zohidov javob berdi.

 U Tez tibbiy yordam shoxobchasi uchun uch oy mobaynida bo‘sh bino izlangani, biroq budjet tashkilotiga ijarada turish uchun joy topish mushkul bo‘layotganini bildirdi.

«Ayni paytda Namangan shahar hokimligi bilan aloqaga chiqib, eski binoga yaqin bo‘lgan joydan quruq yer maydonini topdik. Moliya bo‘limi bilan ham gaplashdik. Mablag‘ beradigan bo‘lishdi. Tez tibbiy yordam shoxobchasi uchun yangi bino qurishni boshlamoqchimiz», deydi mutasaddi.    

Filial mutasaddilari deyarli har bir poliklinikada Tez tibbiy yordam brigadasi turishi rejalashtirilayotganini bildirishdi.

Tibbiyot tizimidagi yangi loyiha albatta barcha sharoitlar yaratilganidan so‘ng amalga oshirilishi tayin. Biroq, biz borib ko‘rgan poliklinikalarda Tez tibbiy yordam xodimlari uchun oddiy sanitariya holati yo‘q edi.

Namangan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Namangan shahar hokimligi 150 ming aholiga xizmat qiluvchi Tez tibbiy yordam shoxobchasi muammosi haqida bosh qotirib ko‘rishsa bo‘lar edi...

Elmurod Ermatov,
 
Kun.uz vodiy viloyatlari muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top