23:00 / 24.02.2020
2
91027
Timur Ishmetov Moliya vaziriga aylandi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov vazirlikning yangi rahbari etib tayinlandi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Moliya vaziri lavozimidan ozod etilib, Iqtisodiyot va sanaot vaziri lavozimiga o‘tkazilgan Jamshid Qo‘chqorov o‘rniga Timur Ishmetov tayinlangan.

Ayni vaqtda Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida uning o‘rnini kim egallashi ma'lum emas.

Timur Ishmetov 2019 yilning mayidan buyon Moliya vazirligida ishlab kelayotgandi. U muqaddam Markaziy bank raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutining «Moliya va kredit» fakulteti, 2005 yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007 yilda -Toshkent yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017 yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Jumladan, turli vaqtlarda MBning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valuta bozoridagi operatsiyalar va Valuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qilgan, 2017-2019 yillarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top