18:12 / 28.02.2020
0
3339
Fevral oyining 20 kunida 22 kg «tabletka» savdosi aniqlangan − IIV

2019 yil davomida giyohvandlik bilan bog‘liq 4611ta jinoyat aniqlangan. Shundan 22 foizini yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tashkil etadi. Jinoyatlarning aksariyati giyohvand moddalarni iste'mol uchun saqlash va tarqatish bilan bog‘liq.

Illyustrativ foto

Bu haqida ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov Senatning ikkinchi yalpi majlisida bergan hisobotida ma'lum qildi.

“Lirika”, “tramadol” singari kuchli ta'sir etuvchi dorilar va giyohvandlikning o‘rnini bosuvchi sintetik moddalar oldi-berdisi oxirgi paytda ko‘payishi sezilmoqda. Misol uchun,  2016 yilda 200 gramm “tabletka” savdosi aniqlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 18,4 kg.ga yetgan. Fevral oyining o‘tgan 20 kuni davomida 22 kg “tabletka” savdosi aniqlangan”, deya axborot berdi Aziz Toshpo‘latov.

Vazir birinchi o‘rinbosarining qayd etishicha, bunday savdo asosan dorixonalarda kuzatilgani bois, mazkur sub'yektlar ustidan nazorat mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

“Bunday dorilar asosan tibbiy dorixonalarda tarqatilardi. Ammo ular tadbirkorlik sub'yektlari bo‘lgani uchun ichki ishlar xodimlari tekshirishi, ularga nisbatan tadbir o‘tkazishi imkoniyati yo‘q edi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, psixotrop moddalarning savdosini nazorat qilish uchun tibbiy dorixonalarni tekshirish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun butun respublika bo‘yicha xodimlar bir oy davomida o‘qitildi. Bu ish Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Xodimlarga dorixona nazoratini o‘tkazish uchun litsenziya beriladi”, deydi Aziz Toshpo‘latov. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top