21:48 / 01.03.2020
0
36932
AQSh va «Tolibon»ning Qatarda imzolangan sulhi: Muzokara ishtirokchilari O‘zbekiston roli haqida

29 fevral kuni Qatar poytaxti Dohada AQSh va «Tolibon» harakati o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolandi. Kelishuvni AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod hamda «Tolibon» yetakchisining o‘rinbosari, harakatning Qatardagi ofisi rahbari mulla Abdulla G‘ani Barodar imzoladi.

Foto: Google Photos

Tadbir ishtirokchilari Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida O‘zbekistonning roli qay darajada bo‘lganligi haqida so‘zlab berishdi.

Markus Potsel, GFRning Afg‘oniston va Pokiston masalalari bo‘yicha maxsus vakili:

— Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi hisoblanadi. Germaniya Afg‘oniston masalasida uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.

 Hamkorlik doirasida afg‘on yoshlarini o‘qitish bo‘yicha grantlar ajratilmoqda. O‘zaro hamkorlikning yorqin misoli sifatida beshtomonlama yondashuvni tilga olish mumkin, unga ko‘ra Qatar, Norvegiya, Indoneziya, O‘zbekiston va Germaniyaning sa'y-harakati bilan Afg‘onistondagi turli kuchlar va guruhlar o‘rtasida muloqot o‘rnatilmoqda.

Germaniya O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida muhim o‘ringa ega, deb o‘ylaydi. Aynan O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga yo‘naltirilgan xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bundan tashqari, GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 2019 yil mayida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘oniston mavzusi chuqur tahlil qilingan edi.

«Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Abdussalom Hanafiy o‘z fikrlarini o‘zbek tilida bayon qildi:

 — Janob prezident Mirziyoyevning Afg‘onistondagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik borasidagi ijobiy tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqi tarixan biri-biri bilan do‘st va og‘a-ini. Ushbu mintaqada yashayotgan barcha mamlakatlar va barcha millatlar bir vujudmiz. Inshaalloh, kelajakda ham og‘a-ini bo‘lib yashashimiz kerak. Afg‘onistonning xavfsizligi bu O‘zbekistonning ham xavfsizligidir.

Qori Din Muhammad, «Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari:

— Uzoq yillardan buyon, qariyb 40 yildan beri Afg‘onistonda urush davom etmoqda. Bizga va qo‘shnilarimizga urushning tugashi, tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi juda muhim. O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun tashabbuslar ilgari surganini bilamiz va bugun biz bu tarixiy natija ostonasida turibmiz.

Afg‘oniston va O‘zbekiston umumiy sarhad va madaniyatga ega. Ikki mamlakat xalqi bir daryoning ikki sohilida yashashadi. Taqdirlarimiz bir qo‘lning besh barmog‘i singari tarixan mushtarak. Sizlarning tinchlik o‘rnatilishini ta'minlash, qurilish sohasi, ta'lim sohasi va boshqa ko‘plab sohalarda ko‘rsatayotgan yordamlaringiz uzoq davlatlardan kelayotgan yordamlardan ko‘ra samaraliroq bo‘lmoqda.

Eldor Oripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi mintaqalararo tadqiqot markazi direktori:

— AQSh va «Tolibon» harakati o‘rtasida tinchlik bitimining imzolanishi darhaqiqat, tarixiy voqeadir. 40 yillik urushdan so‘ng ilk marta zo‘ravonlikka, aholi o‘rtasidagi sanoqsiz qurbonlarga chek qo‘yish imkoni yuzaga keldi. O‘tgan shu davr ichida 2 million qurbon berildi, 4 milliondan ziyod afg‘on mamlakatni majburiy qochqin sifatida tark etdi.

Bugungi sulh istiqbollari yaqin fursat ichida millionlab afg‘onlar osuda va tinch hayot kechira boshlashidan hikoya qilmoqda. Albatta, bugun ushbu tinchlik bitimi imzolanishiga, Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha muvaffaqiyatga erishishda shaxsan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. Aynan uning tashabbusi bilan o‘z vaqtida ushbu tinchlik jarayoniga kuchli start berildi. Men avvalo Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasini nazarda tutmoqdaman. O‘shanda global barqudrat davlatlar va qo‘shni davlatlar o‘rtasida Afg‘on mojarosini bartaraf qilish borasida umumiy prinsiplar va yondashuvlar bo‘yicha umumiy kelishuv shakllantirilgan edi. Buni uddalash mumkinligiga ishonganlar juda kam edi. Umuman, Afg‘onistonda tinchlik istiqboliga ishonayotganlar kam edi. Biroq O‘zbekistonning izchil va pragmatik siyosati sharofati bilan buning uddasidan chiqdik.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top