18:42 / 02.03.2020
3
34991
Tashlab ketilayotgan chaqaloqlar masalasida shariatning hukmi qanday? – imom domla bilan suhbat

«Tavba qilinsa, yuvilmaydigan gunoh yo‘q. Inson vafotigacha tavba eshigi yopilmaydi. Har qanday gunohdan astoydil tavba qilsa va uning ortidan solih amallarni qilsa, in shaa Alloh tavbasi qabul bo‘ladi...»

Foto : KUN.UZ

So‘nggi vaqtlarda tashlab ketilgan farzand tirik yo o‘lik holda topilgani haqida xabarlar ko‘p uchramoqda. Ayrim holatlarda aybdorlar topilayotgan bo‘lsa, ba'zilarida norasidasini tashlab ketganlarni aniqlash imkoni bo‘lmayapti. Ba'zan, yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini sotishgacha ham bormoqda inson. Yaqinginada 8 yoshli, ko‘zni quvontiradigan, qalbga umid bag‘ishlaydigan yoshdagi farzandini sotmoqchi bo‘lgan ona ushlandi.

Bu kabi hodisalar, onda-sonda uchrab turgan taqdirda ham jamiyatdagi eng ayanchli illatlardan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan, Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi xodimi Hikmatilla domla Toshtemirov bilan uchrashib, mazkur muammo, nikohsiz tug‘ilgan farzandlar hukmi, qiz farzand voyaga yetgunicha mas'uliyat kimdaligi haqida savollar bilan murojaat qildi.

– Assalomu alaykum, domla. Farzandlarini tashlab ketish holatlari... Har bir farzand tug‘ilganida islom fitratida bo‘ladi, degan hadis bor. Mazkur muammolarga islom qarashini so‘zlab bersangiz.

– Nikohsiz tug‘ilgan farzandlar haqida. Bunday bolalarning aybi yo‘q. Chunki, gunohni (uning ota-onasi bo‘lmish) o‘sha erkak-ayol qilgan. Islom u bolani gunohkor hisoblamaydi, chunki u toza fitratda tug‘ilyapti, balog‘atga yetguncha, hech qanday gunoh yozilmaydi ham. Balog‘atga yetganidan keyingina, qilgan ishi uchun gunoh yoki savob oladi.

Noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lib qolgan. Fiqh kitoblarimizda ham keladi: valadi zino imomlikka o‘tmasin, deyiladi. Nima uchun, deb so‘ralsa, uning ota-onasining tayini bo‘lmagani, ilm ololmagan, yetarli bilimi bo‘lmagani e'tiboridan u man qilinadi. Aslida, uning ilmi bo‘lsa, o‘zining salohiyati bo‘lsa, namozni joy-joyiga qo‘ya olsa, u imomlikka o‘tishi mumkin.

Ammo, kitoblarimizda umumiy yozilgan. E'tiborga olingan narsa shuki, ota notayin, ona notayin, ular yetarli bilim ololmagan bo‘ldi, bilimsiz insonning imomlikka o‘tishi makruh degan ma'no yotadi.

Demak, bunday bolalardan jirkanish, ularni jamiyatdan ajratib qo‘yish mutlaqo noto‘g‘ri ish. Aksincha, ularni bag‘riga olib, tarbiyalab, kelajakda yaxshi inson qilib yetishtirishga harakat qilinsa, albatta, bu natijasini beradi. Bu yerda, uni nikohsiz dunyoga keltirganlar aybdor hisoblanadi.

– Farzandlarini tashlab ketayotgan onalar uchrayapti. Bular haqida nima deyish mumkin?

– Bir yolg‘on ikkinchi yolg‘onni keltirib chiqaradi. Bir gunohni tan olmaslik ikkinchi bir gunohni keltirib chiqargani kabi, noshar'iy yo‘ldan dunyoga kelgan farzandlarni ularning ota-onalari o‘limga ham mahkum qilib qo‘ymoqda. Ko‘plari bu dunyoga kelmasdanoq, oxiratga ketyapti. Tug‘ilganlarining ayrimlarini tashlab ketish holatlari ham bor. Ularga nasihatimiz, aybni tan olish, pushaymon bo‘lish, tavba qilish kerak bo‘ladi.

Tavba qilinsa, yuvilmaydigan gunoh yo‘q. Inson vafotigacha tavba eshigi yopilmaydi. Har qanday gunohdan tavba qilsa, astoydil va uning ortidan solih amallarni qilsa, in shaa Alloh tavba qabul bo‘ladi. Tavba qilishi kerak, pushaymon bo‘lishi kerak, farzand qanday yo‘l bilan dunyoga kelgan bo‘lsa ham, uni Alloh Taolo berdi, bolani tarbiyalab, unga g‘amxo‘rlik qilishi kerak.

Endi, ham noshar'iy yo‘l bilan farzand tug‘ilsa-yu, ham u o‘ldirilsa, bu bir begunoh jonni o‘ldirish, hayotiga zomin bo‘lishdir. Qur'oni Karimda marhamat qilinadiki, bir begunoh insonni o‘ldirish butun dunyodagi insonlarni o‘ldirish gunohiga teng. Shuning uchun bunday kishilarga nasihatimiz, bu kabi ishlarga qo‘l urmaslik, tirik jonga qasd qilmaslik kerak. U sog‘lom fitratda tug‘ilgan bola, uni jamiyatga mehr-muhabbatli qilib tarbiya qila olsak, yaxshi inson bo‘lib jamiyatga qo‘shilib ketadi, in shaa Alloh.

– Avvalo, hech kimga bunday ko‘rguliklarni solmasin, ammo shunday ish bo‘lganidan keyin, qiz ota-onasi yoki aka-ukasining g‘azabidan ham qo‘rqib, bolasini tashlashga qaror qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Qizning yaqinlari qanday yo‘l tutishlari, qanday munosabatda bo‘lishlari kerak?

– Bu muammo bir kunda paydo bo‘lib qolmaydi. Aka misolida aytadigan bo‘lsak, singlisining yurish-turishidan bir-ikki yil xabari bo‘ladi. Shuncha vaqt uni beparvo tashlab qo‘yib, xijolatli ish vujudga kelgach, uni jazolashga harakat qilish befoyda bo‘lib qoladi. Bo‘lgan ish bo‘ldi, farzandlarni yoshligidan oilada diniy-ruhiy tarbiya asosida katta qilib olish kerak. O‘shanda kutilgan natijalarni olsa bo‘ladi. Hayo-ibo masalalarini qizlarimiz, singillarimizga tushuntirib borishimiz kerak. Bu birinchi navbatda ota-onaning burchi.

Qonunchilikda ham, shariatda esa 1400 yil oldin belgilab qo‘yilgan. Farzand balog‘atga yetguncha, qizlar turmushga chiqqunicha, uning tarbiyasiga ota-ona baravar javobgar, ayniqsa ota mas'ul.

Alloh saqlasin, bu juda xijolatli ish, shu bois farzandlar tarbiyasiga bee'tibor bo‘lmasligimiz kerak. Bizning yechimimiz oiladan boshlanadi. Farzand tarbiyasidan boshlanadi. Ota-bobolarimiz ma'naviy tarbiyani qanday olib borishganini o‘rgansak, to‘g‘ri yo‘ldan borsak, Alloh Taolo bunday xijolatlikdan asraydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top