20:31 / 02.03.2020
48470
Timsoh bolasidan qimmatbaho toshlargacha: Straus House rahbarlari pullarni nimalarga sarflashgan?

Straus House MChJ rahbari mijozlaridan tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berishni va'da qilib, shartnoma asosida olgan pullarga mahallasiga asfalt yotqizgan, dabdabali to‘y qilgan, o‘zi va yaqinlariga avtomashina xarid qilgan, Turkiya, Tailand kabi bir qancha davlatlarda dam olib qaytgan, umra ziyoratiga borgan.

Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Jinoyat ishi doirasida hujjatli taftish tayyorlangan. Ular tomonidan tuyaqush jo‘jasi uchun jalb qilingan mablag‘lar qayerga sarflanganligi, albatta, bizni ham qiziqtirgan. Chunki fuqarolarga yetkazilgan zararning aksariyat qismi qoplanmagan.

Odamlar ularga tuyaqush jo‘jasi uchun pul to‘lashgan. Tadbirkor – agar shunday deb atash mumkin bo‘lsa – odamlarga tuyaqush jo‘jasi yetkazib berish maqsadida shartnoma tuzgan. O‘z-o‘zidan u shartnomaviy majburiyatini bajarishi, ya'ni mijozlariga tuyaqush jo‘jasini yetkazib berishi kerak edi.

Straus House ta'sischisi MChJni ochgan vaqtda hisobraqamda puli bo‘lmagan. Hisobraqamiga kelib tushgan pullarning hammasini fuqarolar tuyaqush jo‘jasini olish uchun o‘tkazib bergan. U bu pullarni nima qilgan?

MChJ rahbari muqaddam boshqa jinoyat ishi doirasida fuqarolarni chet elga ishga yuboraman deb odamlardan aldab pul olgan. Ish sudda ko‘rilayotgan vaqtda, odamlar tuyaqush jo‘jasi uchun bergan 745 million so‘mni o‘zidan jabr ko‘rganlarning zararini to‘lash uchun o‘tkazib bergan.

Bundan tashqari, u Straus House MChJga o‘tkazilgan pullar hisobidan mahallasiga asfalt yotqizgan, dabdabali to‘y qilgan, o‘zi va yaqinlariga avtomashina xarid qilgan, Turkiya, Tailand kabi bir qancha davlatlarda dam olib qaytgan, umra ziyoratiga borgan», – dedi Oybek Qulbekov.

Aniqlanishicha, MChJ mansabdorlari jami 16,1 milliard so‘m miqdordagi to‘lovlarni jamiyatning bankdagi hisob raqami orqali qabul qilgan. Ammo belgilangan muddatda umumiy 319 nafar shaxsga tuyaqush jo‘jalarini yetkazib bermasdan, 7,2 milliard so‘mni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

«100 ming dollarni Tailand Qirolligiga timsoh olib kelish uchun o‘tkazgani aniqlangan. Tuyaqush jo‘jasi olish niyatida pul bergan odamlarning mablag‘ini timsoh uchun sarflashga kimning haqi bor? Shartnomaviy majburiyat bo‘yicha tuyaqush jo‘jasini olib kelishi kerak emasmidi?

Vaholanki, xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham, sanitariya qoidalari va normalari bo‘yicha ham timsoh bolalarini O‘zbekistonga olib kirish taqiqlangan. U buni yaxshi bilgan. Nima emish, timsohni katta qilib, uning terisini sotarmish.

Tuyaqush terisi bo‘yichayam nimalar deganini eshitgan bo‘lsangiz kerak?! 200 dollarga mashhur brenddan olgan katmonini odamlarga ko‘rsatib, mana, koreyalik biznesmen 10 yildan beri ishlatayotgan ekan, ko‘ryapsizlarmi, tuyaqush terisidan ishlangan narsa qanchalik mustahkam bo‘ladi, deb odamlarni chuv tushirgan», deydi Qulbekov.

Oybek Qulbekov

Tergov departamenti ma'lumotiga ko‘ra, «Straus House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov mijozlardan kelib tushgan pulning 180 ming dollarini Pokistonga qimmatbaho toshlar bilan shug‘ullanuvchi firmaning hisobiga o‘tkazib yuborgan, bu pullar katta qiyinchilik bilan ortga qaytarilgan.

Bundan tashqari, Oybek Qulbekov ayblanuvchi Ibrohim Isroilovning tergovchilar undan bir million dollar talab qilgani haqidagi iddaolariga ham munosabat bildirdi.

«Qimmatbaho toshlar bilan tuyaqush jo‘jasining farqi bo‘lsa kerak?! Qolaversa, biz qiziqqanimizda Pokistonda hech qanday tuyaqush boqilmasligi oydinlashdi.

«Straus House» MChJ ta'sischisi poraxo‘r, mendan bir million dollar talab qildi, deb aytgan bolalar Tashqi ishlar vazirligi, Majburiy ijro byurosiga murojaat qilishdi. TIV konsullik boshqarmasi hamda O‘zbekistonning Pokistondagi konsulxonasining yordami bilan ikki oydan ortiq muddatda olib borilgan muzokaralar natijasida o‘sha pullar yurtimizga qaytarildi. Rahmat o‘shalarga.

Hisobida 3 million so‘mdan ortiq puli bo‘lmagan odamdan qaysi ahmoq bir million dollar talab qiladi? Albatta, bu masala bo‘yicha o‘zimizning munosabatimizni bildiramiz. Tegishli idoralarga bu bo‘yicha murojaatlar yuborildi», deydi u.

Top