10:48 / 04.03.2020
0
19542
Eronda koronavirus sababli 54 ming mahbus qo‘yib yuborildi
Foto: REUTERS

Eron koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan davlatlar qatoridan joy oldi. Mamlakatda 2366 kishida koronavirus aniqlandi, 77 kishi undan vafot etdi. Shunday murakkab vaziyatda hukumat koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida turmalardan 54 ming mahbus vaqtincha ozodlikka chiqarilishini e'lon qildi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Erondagi vaziyat himoya vositalari – niqoblar, qo‘lqoplar, shifokorlar uchun himoya ko‘zoynaklari va kiyimlari, bemorlar uchun intensiv davolash tizimlarining yetishmasligi sababli alohida xavotir uyg‘otayotganini tan oldi. Shifoxonalarda yetarli miqdorda uskunalarning yo‘qligi bunday ko‘p sondagi o‘lim holatlariga olib kelmoqda.

Mamlakatda koronavirus epidemiyasini to‘xtatish uchun imkoni bor choralar ko‘rilmoqda. Virusga qarshi kurash doirasida hukumat to‘lib-toshgan turmalardan 54 ming mahbusni vaqtincha ozodlikka chiqarishga qaror qildi.

Eron sud tizimi matbuot kotibi G‘ulomhusayn Ismoiliyning ta'kidlashicha, ozodlikka koronavirus aniqlanmagan va o‘zi uchun garov puli kiritgan mahbuslar chiqariladi. Ular qatoridan o‘ta xavfli jinoyatchilar va qamoq jazosi muddati 5 yildan oshadiganlar joy ololmaydi.

“Mahbuslar sog‘lig‘i biz uchun muhim”, deb qo‘shimcha qilgan Ismoiliy.

Eronda koronavirusdan o‘lish darajasi boshqa davlatlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lib, 4,4 foizni tashkil qilmoqda. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich AQShda qayd qilinib, 5,9 foizni tashkil qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top