09:18 / 05.03.2020
1
5461
«Qo‘qon – Andijon – Qo‘qon» yo‘nalishida elektrichka qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Kuni kecha Qo‘qon temir yo‘l vokzalidan «Qo‘qon – Andijon – Qo‘qon» yo‘nalishida zamon talablariga to‘liq javob beradigan, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega elektrichkaning shaharlararo qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Endilikda «Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon» yo‘nalishi bo‘yicha har kuni ikkitadan elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalish Andijon va Farg‘ona viloyati aholisi uchun xavfsiz va arzon transport turi sifatida katta qulaylik bo‘ldi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari»

Qayd etilishicha, yangilangan variantdagi zamonaviy va qulay elektrichkada yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar mavjud. Vagonlarda qishda issiq, yozda salqin harorat ta'minlanadi. Yo‘lovchilar vagondagi yumshoq o‘rindiqlardan joy olib, o‘rnatilgan monitorlarda manzilga yetgunga qadar konsert dasturlarini tomosha qilib, yangiliklardan ham xabardor bo‘ladi.

Ertalabki soat 06:22da Qo‘qon vokzalidan chiqqan poyezd soat 9:03da Andijon vokzaliga yetib keladi. Masofaning umumiy uzunligi 136 kilometrni tashkil etib, elektrichka bu yo‘lni 2 soat 45 daqiqada bosib o‘tadi. Andijondan shu poyezd soat 10:10da jo‘nab Qo‘qon shahriga soat 12:57da qaytadi. Soat 14:50da poyezd yana shu yo‘nalish bo‘yicha orqaga qaytib Andijonga 17:55da kirib boradi. Bir kunlik so‘nggi reys 20:55da Qo‘qon shahriga yo‘lovchi poyezdining kirib borishi bilan yakunlanadi.

Elektrichka o‘z yo‘lida 9ta vokzalda to‘xtab o‘tadi. Qo‘qondan Oltiariqqa chipta narxi 3000 so‘m, Quva va Marg‘ilongacha – 5000 so‘m, Qo‘qondan Andijongacha esa – 7000 so‘mni tashkil etadi.

Ta'kidlanishicha, «Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon» yo‘nalishi uchun qatnovga qo‘yilgan elektrichkalar ham tarmoq tasarrufidagi vagon depolarida qayta ta'mirlanib, yo‘lovchilar uchun ham xavfsiz, ham qulay va sifatli ko‘rinishga keltirildi. Ayni paytda «Toshkent – Xo‘jakent –Toshkent» hamda «Toshkent – Guliston – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanadigan elektrichkalar ham sifatli ta'mirlash jarayonidan o‘tkazilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top