10:10 / 08.03.2020
7
14755
Ayol lider: Plyus va minuslar nimalardan iborat?

​​​​​​​Lider deganda, odatda, ko‘z oldimizda erkak kishining timsoli jonlanadi. Ammo dunyo siyosati va biznes maydonida nom qozongan ayollar soni oz emas. O‘zbekistonda ham ayol hokimlar soni 6 kishiga yetishi bilan lider ayollar mavzusi qizg‘in muhokama obektiga aylandi. Xo‘sh, ayol rahbarlarning o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat? Quyida shu haqda to‘xtalamiz.  

Foto: Ellevate network

Muqaddima. Mushuk nega haq?

«Alisa mo‘jizalar mamlakatida» asarida Alisa va Cheshir mushugi o‘rtasida shunday bir suhbat kechadi:

«Alisa bir necha funt naridagi daraxt shoxida Cheshir mushugi o‘tirganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi. Mushuk esa unga jilmayib qo‘yish bilangina kifoyalandi.

– Cheshir mushugi, – deya iymanibgina murojaat qildi qiz. – Iltimos, menga bu yerdan qaysi tarafga ketishim kerakligini ayta olasanmi?

– Bu katta ehtimol bilan qayerga ketmoqchi ekaning bilan bog‘liq, – dedi mushuk.

– Qayerga ketishim unchalik ahamiyatga ega emas.

– U holda, qaysi tarafga ketganing ham u qadar muhim emas.

Alisa biron izoh berish maqsadida: «Mayli, qayergadir borsam bo‘lgani», – deb qo‘shimcha qildi. 

– Albatta, qayergadir borasan, – dedi mushuk. – Qilishing kerak bo‘lgan yagona ish yetarli darajada yo‘l bosishingdir».

Cheshir mushuki haq. Agar qayerga yo‘l olganingizni bilmasangiz, har qanday yo‘lni tanlashingiz mumkin. Ammo mo‘ljalni aniq olsangiz, lozim ish bajarilishi uchun nafaqat o‘zingizni, balki boshqalarni ham harakatga keltira olasiz, ularni ilhomlantirasiz. Bu – liderlik demakdir. Liderlikda esa nima qilganingiz emas, balki sizning ta'siringiz ostida boshqalarning nima qilgani ko‘proq ahamiyatga ega.

Qachondan boshlab ayollar rahbarlik lavozimiga o‘ta boshladilar?

Zamonaviy dunyoda boshqaruvning an'anaviy modellardan uzoqlashishi, texnologiyaning rivojlanishi va ma'lumotlarga kirishning qulayligi har bir jabhada o‘ziga xos evolyutsiya yaratdi. Ushbu evolyutsiya ayollarga ko‘proq yordam berdi va ayollar tashkilotlarda rahbar lavozimlariga o‘ta boshladilar. Hozirda S&P 500 (Amerikaning Standard & Poor’s tomonidan ro‘yxatga olingan 500ta yirik kompaniyasi) reytingida bosh direktorlik lavozimidagi ayollar soni 4,6 foizni tashkil etadi. Ammo tizimli boshqaruv shakllanmagan, o‘tmishdagi stereotip va bosimlardan to‘liq xalos bo‘lishga ulgurmagan O‘zbekiston sharoitida ayol rahbarlarga oson bo‘lmayotgani, oson bo‘lmasligi aniq. Ammo chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi.

Ayol rahbarlarning o‘ziga xos xususiyatlari nimalarda ko‘rinadi?

Muloqotdagi tabiiy instinkt egalari

Bugun har bir sohada malakali aloqachilarga ehtiyoj bor va ayollar bu borada juda muvaffaqiyatlidirlar. Muloqotdagi tabiiy instinktiga ko‘ra, ayollar erkaklarga qaraganda munosabatlarni boshqarish sohasida ko‘proq strateg bo‘lishlari mumkin. Ushbu xususiyatlar bilan ayollar tashkiliy madaniyatni kuchaytirish, tashkilotning obro‘sini oshirish va korporativ ijtimoiy javobgarlik loyihalarini amalga oshirishni ta'minlaydilar.

O‘z standartlarini o‘rnatadilar

Kuchli ayol yetakchilarga qaraganimizda ba'zi umumiy xususiyatlarni ko‘ramiz: muvaffaqiyatli ayol rahbarlar o‘z standartlarini o‘rnatadilar va bu uchun kurashadilar. Ba'zan jiddiy tanqidga duchor bo‘lishlariga qaramay, standartlar kurashida o‘zlarini professionallarga xos tarzda tuta oladilar.

Ijobiy energiya – ularning hamrohi

O‘zi va o‘zgalarning kuchini oshirishga intiladigan ayol rahbarlar hayotga rang olib kiradilar. Tartibli ovqatlanish, rang-barang kiyinish, qahqaha otish, raqsga tushish ko‘plab ayollarga xos xususiyat bo‘lib, bu xususiyatlar ular rahbarlik qilayotgan tashkilotning energiyasini yuqoriga ko‘taradi.

Stressga qarshi kurashda ustundirlar

Hatto oilaviy muhitda ham juda ko‘p hollarda inqiroz va keskinliklarni boshqarishga erishadilar: oila a'zolari oldida yuzaga keladigan har qanday xavfli belgilarni oldindan sezib, ehtiyotkorlik choralarini ko‘radilar. Ayollar sevgi, muvozanat, xavfni sezish, konstruktiv yondashuv orqali stressni oson yenga oladilar.  

Ko‘p qirralilik

Hatto farzandlari, onalik tashvishlari, uy yumushlari haqidagi suhbatlar chog‘ida ham ishxonadagi vazifalari haqida qayg‘ura olishlari mumkin.

O‘zining ko‘p qirrali bo‘lishini ta'minlash nuqtayi nazaridan ayollar erkak jinsga nisbatan qat'iyatlidirlar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, individual ta'limda qatnashadigan ayollar ulushi 80 foizni tashkil etadi. O‘z egoizmini boshqarish orqali ko‘proq savollar berib, ilhom olish istagidagi qiziquvchan ayol rahbarlar mukammallikni izlayotgan ishtiyoqli izdoshlar sifatida namoyon bo‘ladilar.

Yaxshi tinglovchidirlar

Tabiatan mehribon ayol rahbarlar – yaxshi tinglovchilardir. Yaxshi tinglovchi bo‘la olish esa muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega. 

Har doim haq va so‘nggi so‘zni aytishga majbur bo‘lmagan ayollar ekotizimlar yaratish va fikrlarni umumlashtirish orqali hamkorlikda harakat qilishdan mamnuniyat tuyadilar.

Erkak va ayollar: Liderlik uslublarida qanday farqlar bor?

Yetakchilik aloqa qobiliyatlari bilan chambarchas bog‘liq, shu bois erkaklar va ayollarning uslubi bir-biridan farq qiladi. Ushbu tafovutlar gender xususiyatlaridan kelib chiqadi.

Jarayonmi yoki strategiya?

Ayollar yetakchilik uslubida erkaklarga qaraganda ko‘proq jarayon va natijaga e'tibor qaratadilar: ishni tashkil qilish, jarayonlarni baholash, yuqori mahorat mezonlarini belgilash, ishdan ko‘zlangan maqsadga erishib-erishilmaganini doimiy nazaorat qilish, vaqtga e'tibor berish va natijaga qarab ishlash ularga xosdir.

O‘z navbatida, erkaklar «strategik fikrlash» tushunchasiga ko‘proq e'tibor qaratishadi. Strategik rejalashtirish va dunyoqarash haqida qayg‘urish, yangi g‘oyalar uchun ochiq bo‘lish, xavfni oson qabul qilish, intellektual boylik, o‘tmishdan saboq chiqarish, kelajakdagi imkoniyatlarni oson ko‘ra olish ularga xos xususiyatdir.

Xulosa

Albatta, erkak va ayol liderlarning xususiyatlari bir-biridan farq qiladi. Ustunlik masalasida tarozining goh u pallasi, goh bu pallasi bosib ketadi. Ammo nima bo‘lganda ham, ayol liderlar dunyoni o‘zgartira oladi: rahbar sifatida, ona sifatida, ayol sifatida. Zotan, mutafakkirlardan biri aytganiday, yer yuzidagi jamiki narsa ayol yaratgan asarlardir!  

Otabek Tillayev

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top