15:50 / 10.03.2020
0
14401
Tojikistonda «GTA to‘dasi» a'zolari 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Tojikistonda sud «GTA to‘dasi»ning ikki a'zosini 25 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi saytida xabar berildi.

Foto: Oleg Davydov / TASS

Sud Tojikiston fuqarolari Boir G‘ulomov va Murojon Karimovni to‘dada ishtirok etganlik, Rossiyada qotillik, talonchilik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan.

2014 yilda Rossiyada «GTA to‘dasi»ning ba'zi a'zolari qo‘lga olindi. G‘ulomov va Karimov yashirinishga muvaffaq bo‘ldi hamda xalqaro qidiruvga berildi. 2014 yil oxirida ular Tojikistonda aniqlandi

Bosh prokuraturaning ta'kidlashicha, Tojikiston qonunchiligi o‘z fuqarolarini boshqa davlatlarga topshirishga yo‘l qo‘ymaydi, shuning uchun mahkama Tojikiston Bosh prokuraturasiga ish materiallarini yubordi va ushlanganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘radi.

2014 yilda Moskva oblastidagi M-4 «Don» trassasida bir qator vahshiy qotilliklar yuz bergan. Rossiya OAV bu jinoyatlarni amalga oshirgan jinoiy guruhni «GTA to‘dasi» (GTA kompyuter o‘yiniga o‘xshash jinoyatlar amalga oshirgani sababli) deb nomlagan. 2014 yil noyabridagi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Rossiya huquq-tartibot muassasalari xodimlari to‘da yetakchisi Ibaydullo Subxonovning joylashgan o‘rnini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan va operatsiya davomida uni yo‘q qilgan. Shuningdek, to‘daning yana 9 a'zosi qo‘lga olingan. To‘daning qolgan 4 a'zosi qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan va ular xalqaro qidiruvga berilgan. 2015 yil oktyabrda ushbu ish bo‘yicha tergov yakunlangan.

Bu jinoiy to‘da Moskva shahri, Moskva va Kaluga oblastlari hududida 16 ta bosqinchilikni amalga oshirgan, bu jinoyatlar davomida 17 kishini o‘ldirgan, 2 kishi yarador bo‘lgan. 

2017 yilda Moskva oblasti sudida ro‘y bergan otishma davomida «GTA to‘dasi» a'zolaridan 4 nafari o‘ldirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top