09:44 / 15.03.2020
24857
Buxoroda uch kun davomida tungi reydlar o‘tkazildi, 100dan ortiq qizlar IIBga olib kelindi 

Olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jami 330 nafar shaxslar ichki ishlar bo‘limlariga olib kelindi. Ularning 100dan ortig‘ini qizlar tashkil qildi

Buxoro viloyati IIB, Milliy gvardiya, Mahalla vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 9-11 mart kunlari tungi vaqtlarda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, viloyatning barcha tumanlari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tungi klub, kafe bar, restoran, chilimxona va boshqa ko‘ngilochar joylarda tungi reydlar o‘tkazildi.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tungi vaqtlarda sodir etiladigan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish, ayniqsa tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Xodimlar 2 ta guruhga bo‘lingan holda xizmat olib borishdi. Guruh xodimlari uchun alohida avtobus ajratildi.

Olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jami 330 nafar shaxslar ichki ishlar bo‘limlariga olib kelindi. Ularning 100dan ortig‘ini qizlar tashkil qildi.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati
Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Tungi ko‘ngilochar joylarda yurgan yosh o‘g‘il-qizlar bilan Yoshlar ittifoqi va psixolog xodimlar tomonidan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, oilaviy yashash sharoitlari, nima sababdan bemahalda (tungi soatlarda) bunday joylarda yurganliklari o‘rganildi. Xodimlar tomonidan ularning barmoq izlari olinib, viloyat hududida sodir etilib, ochilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqador yoki yo‘qligi, qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatlaridan tekshirildi.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Tungi klub va boshqa ko‘ngilochar joylar egalari hamda mas'ullariga voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etmaslik, tungi vaqtlarda voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tushuntirilib, ogohlantirish ishlari olib borildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-2-moddasida ko‘rsatilgan 4ta (voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish) huquqbuzarlik hamda 5ta fohishalik bilan shug‘ullanish holatlari aniqlandi.

Qayd etilishicha, bu kabi tadbirlar davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Top