14:03 / 16.03.2020
22642
Foto: Eronga insonparvarlik yordami yuborildi

Bugun, 16 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga ko‘maklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi.

Davlat rahbari topshirig‘iga asosan Eronning yordam so‘rab qilgan murojaatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mazkur xavfli infeksiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy og‘irligi qariyb olti tonna bo‘lgan tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborilgan.

«Avvalo kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan O‘zbekiston hukumatini, mehribon va do‘st o‘zbek xalqini tabriklaymiz. Hayot quvonchli va qayg‘uli kunlardan iborat. Koronavirusning jahon bo‘ylab tarqalishi ham dunyo xalqlari uchun katta sinov. Bu bo‘hronli kunlarda bir-birimizga hamdard, yelkadosh bo‘lishimiz kerak.

Mamlakatlarimiz madaniyatida umumiy tushuncha bor: haqiqiy do‘st boshga og‘ir kun tushganda, g‘amu shodliklarda birga bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi eronliklar boshiga ana shunday og‘ir damlar kelgan paytda birinchilardan bo‘lib insonparvarlik yordamini jo‘natganidan juda xursandmiz. Bu saxovatli ko‘mak Navro‘z bayrami ostonasida butun eronliklar qalbida unutilmas kun bo‘lib qoladi. Eron Islom Respublikasi hukumati va xalqimiz nomidan O‘zbekiston hukumati va do‘st, birodar xalqiga, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildiramiz. Umid qilamizki, butun jahon ahli koronavirusni birgalikda yengib o‘tadi», – deya Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hamid Noirobodiyning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan avvalroq Eron Islom Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta'minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, prezidentning alohida ko‘rsatmasiga muvofiq, Mudofaa vazirligi tomonidan Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida ayni jarayonda Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi haydovchilar, tadbirkorlar, talabalar – jami 31 nafar o‘zbekistonlik vatanga olib kelinadi. Bu fuqarolar va samolyot ekipaji belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta muddatda karantinda saqlanadi.

Top