20:08 / 16.03.2020
12623
Mirziyoyev: Xorazmda sharoiti juda og‘ir 200 ming kishidan 130 mingi chet elda, ularni qaytarishimiz kerak

12-13 mart kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif yakunida davlat rahbari viloyat mutasaddilari va faollari bilan uchrashib, dolzarb muammolarga e'tibor qaratdi.

«Xorazmda 200 ming aholining sharoiti juda og‘ir. Shundan 73,5 mingi Xorazmda yashayapti. 130 mingi chet elda yuribdi.

Yangibozordagi, Shovotdagi, Pitnakdagi aholining sharoitini sizlardan ham yaxshi bilaman. Farovonlik nuqtayi nazaridan, hamma rahbarlar respublikada, Xorazm viloyatida, tuman rahbarlari bugungi sharoitga mos ishlay olmayapti. Bu bizning eng katta kamchiligimiz desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Odamlar salgina ishona boshladi. Qilsa bo‘ladi ekan, deb o‘ylay boshladi, dunyoqarashi o‘zgardi.

Xorazmning boshqa hududlarga nisbatan ahvoli og‘irroq. Mana shu 200 ming aholining 130 mingini qaytarishimiz kerak. Qanday bo‘lsa ham vataniga qaytishi kerak, chunki ularning ota-onasi bor, bolasi bor. Ular har kuni yurtini o‘ylaydi.

Tuman hokimiyatida «Meni tumanimda shuncha kambag‘al, ishsiz, chet-elda yurganlar bor», deb yozib qo‘ysin. Har kuni shularning sonini, ishsizlarni qisqartirish bo‘yicha ishlasa, shunda natija bo‘ladi.

200 ming odamni ish bilan ta'minlashimiz kerak. Asosiy maqsadimiz – aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda yangi korxonalar va yangi ish o‘rinlarini yaratish. Shu orqali kambag‘allikni keskin qisqartirish vaqt-soati keldi.

Kredit berish bilan natijaga erisholmadik. Kredit berishdan oldin insonni kasbga o‘rgatish kerak. Oldin kasbga tayyor qilib, hunarga o‘rgatib olish zarur. Xorazmning o‘ziga mos hunarga. Shunda tayyor bo‘ladi, kreditimiz natija beradi.

Mana kecha ko‘rdim, Xorazmning farzandi 10 gektar teplitsa qilibdi. Shuni 300 gektar qilsak bo‘ladimi? 300 gektarda qancha odam ishlaydi? Birorta tashabbus yo‘q, taklif yo‘q. Xorazmning deputatlari, faollari uyg‘onmasa, shu tarzda rivojlanmay ketaveradi. 200 ming odam kambag‘allikda qolaveradi.

Bu yerning imkoniyati qanday ekanini juda yaxshi his qilaman. Menga shuni his qiluvchi kadrlar kerak, befarqlar kerak emas. Janob tumanlarning hokimlari, mudrab o‘tiribsizlar. Mudrash bilan Al-Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi yurtini oyoqqa turg‘iza olmaymiz.

Hokimlarning paxta bo‘yicha qanday tajribasi bor? Paxtani hokim bajarolmaydi. Manfaatdor klaster bilan tajribali fermer qiladi. Fermerni manfaatdor qilsak, unga pulni bersak bo‘ldi, o‘zi bajaradi. Iqtisodni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, hisob-kitobni joyiga qo‘ysak, Xorazm o‘zgaradi. Lekin Xorazmning rahbarlari uyg‘onishi kerak.

Xalq kimga ergashadi – manfaat olib kelgan hokimga ergashadi. Bitta ko‘cha qurgan, 10 kambag‘alni ish bilan ta'minlagan odamga ergashadi. Oldingidek tajriba kerak emas, sadoqat, vatanparvarlik kerak. Biz tarixiy vaqtdan o‘tyapmiz. Shundan o‘tsak, o‘zgarish bo‘ladi. Eng muhimi – rahbarlarning dunyoqarashi o‘zgarsa, o‘zgarish bo‘ladi. Aks holda o‘zgarish bo‘lmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top