22:37 / 17.03.2020
19872
Olmaotaga karantin sababli harbiy texnika kiritildi (video)

Qozog‘istonning Olmaota shahrida koronavirus sababli karantin joriy qilinishi e'lon qilingandan keyin shaharga harbiy texnika kiritilmoqda. Shuningdek, shaharga kirish joylarida 27 blokpost o‘rnatiladi.

Videodan kadr

Bu haqda Tengrinews.kz muxbiri xabar berdi

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari shahar bo‘ylab yurgan o‘nlab harbiy texnika videosi bilan bo‘lishishgan. 

Harbiy texnika kiritilishi karantin bilan bog‘langani shahar ma'muriyati matbuot xizmatida tasdiqlangan.

Shuningdek, shaharga kirish joylarida 27 ta blokpost o‘rnatiladi. Blokpostlarda patrul politsiyasi, SOBR, “Granit” polki, mudofaa vazirligi va milliy gvardiya kuchlari xizmat olib boradi. Shu bilan birga shaharga birinchi ehtiyoj buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy mahsulotlar, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari olib kirish uchun “yashil yo‘lak” o‘rnatiladi.

“Barchamiz uchun muhim on keldi. Karantin rejimi megapolisning butun hayoti yangi qoidalarga ko‘ra qayta tashkillashtirilishini anglatadi. Karantin noqulayliklar, odatdagi turmush tarzining buzilishi bilan kechadi. Buni to‘g‘ri tushunishni iltimos qilaman”, deb aytgan Olmaota akimi Bakitjan Sag‘intayev.

U shahardagi muassasalarni karantin kiritilishi sababli masofadan ishlashga o‘tishga chaqirgan. Shaharda karantin 19 martdan amal qila boshlaydi.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, poytaxt Nur-Sulton ham karantin uchun yopiladi.  

Ayni vaqtda Qozog‘istonda koronavirusga 32 kishi chalingan, ulardan 15 nafari Olmaotada, 17 nafari Nur-Sultonda aniqlangan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top