19:54 / 18.03.2020
3832
Qurilish vazirligi: Andijondagi yangi ko‘p qavatli uyda qator kamchiliklar borligi tasdiqlandi

Qurilish vazirligi Andijondagi ko‘p qavatli turar-joy binosidagi mavjud kamchiliklar o‘z tasdig‘ini topgani hamda ularni tuzatish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilganini bildirdi.

Foto: Qurilish vazirligi Axborot xizmati

18 mart kuni Kun.uz saytida «Sirti yaltiroq, ichi qaltiroq». Andijon markazidagi yangi uy nega to‘liq bitmagan? sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. O‘zbekiston Qurilish vazirligi maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklarni joyida o‘rganib, bajarilishi boshlangan ishlar bo‘yicha tahririyatga axborot berdi.

Foto: Qurilish vazirligi Axborot xizmati

«Joriy yilning 18-mart kuni Kun.uz ijtimoiy tarmog‘ida  Andijon shahar Alisher Navoiy shoh ko‘chasi, 96-manzildagi 6 qavatli turar-joy binosida liftning ishlamayotganligi, devor bilan liftning orasida bo‘shliq borligi, pod'yezdlarda pardozlash ishlarining oxiriga yetkazilmaganligi yuzasidan berilgan maqola bo‘yicha, buyurtmachi-pudratchi “POYTUG BARKAMOL QURILISH” xususiy korxonasi mutasaddilari hamda Andijon viloyati qurilish sohasida Hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida 2020 yilning 18-mart kuni maqolada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.

Foto: Qurilish vazirligi Axborot xizmati

Xususan, maqolada keltirilganidek, uyning liftlari ishlamayotgani, devor bilan liftning orasida bo‘shliq borligi, pod'yezdlarda pardozlash ishlarining oxiriga yetkazilmaganligi kabi qator kamchiliklar borligi tasdiqlandi. Shundan kelib chiqib, ushbu ko‘p qavatli uylarning qurilishiga mas'ul buyurtmachi-pudratchi “POYTUG BARKAMOL QURILISH” xususiy korxonasi aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi.  

Buyurtmachi-pudratchi “POYTUG BARKAMOL QURILISH” xususiy korxonasi o‘rganishlar mobaynida ushbu uylarda aniqlangan va maqolada keltirilgan kamchiliklarni joriy yilning 28-mart sanasiga qadar yuz foiz bartaraf etish hamda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratishni o‘z kafolat xatida bildirib o‘tdi.

Foto: Qurilish vazirligi Axborot xizmati

Albatta, ushbu masala Qurilish vazirligining tegishli bo‘limlari tomonidan nazoratga olinadi», - deyiladi vazirlik axborotida.  

Top