19:30 / 20.03.2020
18575
Uzbekistan-GTL: Cho‘l o‘rtasida bunyod etilayotgan eng toza yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi muhtasham zavod - video

O‘zbekistondagi eng qimmat ishlab chiqarish obekti Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 135 gektar maydonda amalga oshirilayotganidan xabaringiz bormi? Kun.uz muxbiri bu zavodda bo‘lib, olib borilayotgan qurilish ishlari va ishlab chiqarish rejalari bilan yaqindan tanishdi.

UZBEKISTAN GTL loyihasiga uzoq 2009 yilda asos solingan. Turli sabablarga ko‘ra keyinga surilib kelgan loyiha 2016 yilda jonlandi va mana endi bitish arafasida.

Bu zavod ishga tushsa «Sasol» texnologiyasi bo‘yicha tabiiy gaz suyuq yonilg‘iga aylantiriladi. Xuddi shunday GTL yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi zavodlar Janubiy Afrika Respublikasi, Malayziya va Qatarda barpo etilgan. Qashqadaryodagisi — jahondagi beshinchi zavod bo‘ladi.

Zavod ayni paytda qariyb 85 foizga bitkazilgan. Zavodda foydalanilayotgan 11 mingdan ziyod jihozlar va texnologik uskunalar jahonning 24 ta davlatidagi 129 ta zavodda tayyorlangan. Ular dengiz yo‘li orqali portlarga, temir yo‘l va avtotransportlarda qurilish maydoniga keltirilgan.

Loyiha nufuzli xorijiy qurilish, konsalting, moliya va sug‘urta kompaniyalari ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Singapurning Enter Engineering, Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering, Hyundai Engineering & Construction loyiha pudratchilaridir.

Loyiha Janubiy Afrikaning SASOL, Daniyaning HALDOR TOPSOE va AQShning Chevron energetika kompaniyalarining lisenzion texnologiyalariga asoslanadi.

Ko‘plab xorijiy kompaniyalar loyihaning maslahatchilari bo‘lib turibdi. Bosh maslahatchi Buyuk Britaniyaning neft va gaz sanoatiga ixtisoslashgan TechnipFMC kompaniyasidir.

Loyihaning umumiy qiymati 3,61 milliard AQSh dollari bo‘lib, uning 33 foizi «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari, qolgan qismi Xitoy, Koreya va Rossiya Federatsiyasi bank va kompaniyalarining investitsiyasidir.

Zavod ishga tushsa har yili 735 ming tonna dizel yonilg‘isi, 311 ming tonna aviakerosin, 431 ming tonna nafta, 50 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Zavod ishlab chiqargan Yevro-5 standartidagi sun'iy suyuq yonilg‘i OLTIN YO‘L GTL savdo markasi ostida realizatsiya qilinadi.

GTL yonilg‘isi oddiy dizeldan rangsizligi, hidsizligi va tozaligi bilan farq qiladi.

Bu yerda ishlab chiqarilgan GTL yonilg‘isi va aviakerosin O‘zbekistonda va xorijiy bozorlarda realizatsiya qilinadi. Talab va taklifga qarab GTL ishlab chiqarishni kamaytirib, aviakerosin ishlab chiqarishni ko‘paytirishi mumkin.

Ayni paytda zavod qurilishida 10 ming 500 dan ziyod ishchilar va mingga yaqin qurilish texnikasi xizmat qilmoqda. Ular orasida xorijdan kelgan ishchilar ham bor. Zavod ishga tushirilgach, 1300 ta muntazam ish o‘rni yaratiladi.

Allaqachon yosh kadrlar xorijda o‘qitilib, ishga tushirilishi kutilayotgan yangi zavodda nimalar bilan band bo‘lishlarini bilishadi.

GTL zavodida ishlab chiqarilgan nafta va suyultirilgan gaz, unchalik uzoqda bo‘lmagan va loyiha quvvati oshirilayotgan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga uzatiladi. Bu yerda bu mahsulotlardan polietilen, polipropilen va prioliz distillyat hamda moy ishlab ishlab chiqariladi.

Qashqadaryodan tayyorlangan keyingi reportajimizda kengaytirilayotgan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi haqida batafsil hikoya qilamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Top